Gitlerning DNKsida ruhiy kasalliklarga moyillik aniqlandi
Olam
−
13 noyabr 8236 2 daqiqa
Daniyaning Orxus universiteti olimlari Adolf Gitler DNKsida to‘rtta ruhiy kasallikka genetik moyillikni aniqladi. Unda diqqat yetishmovchiligi va giperfaollik sindromi, autizm, bipolyar buzilish hamda shizofreniya rivojlanish xavfi yuqori bo‘lgan. Bu haqdagi tadqiqot “Daily Mail” nashrida e’lon qilindi.
Mutaxassislar Gitlerning qon namunalarini tahlil qilgan. Ushbu qon izi 1945 yilda Gitler o‘z joniga qasd qilganidan so‘ng, amerikalik ofitser Rosvell Rozengren tomonidan uning bunkeridagi divan qoplamasidan olingan. Keyinchalik olimlar ushbu namunani genetik tahlildan o‘tkazib, genomni ketma-ket o‘qish usuli orqali taxminan uch milliard dona genetik yo‘riqni tashkil etuvchi qon tarkibini batafsil o‘rgangan.
Tadqiqotchilar xulosasiga ko‘ra, Gitlerda diqqat yetishmovchiligi va giperfaollik sindromi rivojlanish ehtimoli o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lgan. Shuningdek, u autizm, bipolyar buzilish va shizofreniya xavfi yuqori bo‘lgan aholining 1 foiziga kirgan. Bu kasalliklar genetik yo‘l bilan, ya’ni nasldan-naslga o‘tishi mumkin.
Qayd etish joiz, shizofreniya insonning haqiqatni to‘g‘ri idrok etish, fikrlash va hissiy holatini buzadigan ruhiy kasallik bo‘lib, odatda kayfiyatning keskin o‘zgarishi, haddan tashqari shubhalanuvchanlik, mantiqsiz yoki g‘ayrioddiy fikrlar, gallyutsinatsiyalar (bo‘lmagan narsani ko‘rish yoki eshitish), befarqlik, shuningdek fikrni aniq ifodalash va qaror qabul qilishdagi qiyinchiliklar kuzatiladi.
“Bunday kasalliklarning kombinatsiyasi juda murakkab. Gitler milliondan bir, balki milliarddan birinchi holat. Men uni jinoyatga moyil autistik psixopatiya (criminal autistic psychopathy) deb atash mumkin deb o‘ylayman,” deydi Triniti kolleji psixiatriya professori Maykl Fitsdjerald.
Shu bilan birga, olimlar Gitlerning uchinchi darajali qarindoshi Veyt Aloiziy bir necha yil Venadagi ruhiy shifoxonada davolanganini ham eslatgan. U gallyutsinatsiyalar va bema’ni xatti-harakatlar tufayli ko‘pincha to‘shakka bog‘lab qo‘yilgan. Tadqiqotchilar bu holat Gitlerdagi ruhiy buzilishlarga irsiy omillar sabab bo‘lganini tasdiqlaydi, deya hisoblagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Adolf Gitlerga tegishli ekani aytilgan soat AQSHda 1,1 million dollarga sotilgandi. Soat Merilenddagi Alexander Historical Auctions auksionida anonim xaridor tomonidan sotib olingan.
Mohichehra Qadamova
Live
Barchasi