Isroil Livandagi tarixiy Bofort qal’asini egalladi (video)
Olam
−
01 iyun 3473 2 daqiqa
Isroil mudofaa kuchlari kecha, 31 may kuni Livan janubida joylashgan mashhur Bofort (Qal’at ash-Shaqif) qal’asini egallab oldi. Qal’a Nabatiya shahri yaqinida, Isroil chegarasidan taxminan 14–15 kilometr uzoqlikdagi strategik balandlikda joylashgan. Bu haqda CNN xabar berdi.
Isroil harbiylari so‘nggi bir necha kun davomida bu hududda keng ko‘lamli harbiy operatsiya o‘tkazgan. Operatsiya davomida havo zarbalari va quruqlikdagi janglar amalga oshirilib, natijada qal’a va uning atrofidagi hudud Isroil nazoratiga o‘tgan. Isroil mudofaa kuchlari bu harakatlar “Hizbulloh”ning harbiy infratuzilmasini yo‘q qilish va chegara xavfsizligini kuchaytirish maqsadida amalga oshirilganini bildirgan.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu qo‘shinlarning Livan hududida operatsiyalarni yanada kengaytirish bo‘yicha topshiriq berganini aytib, bu harakatni “muhim burilish bosqichi” deb atagan.
Livan tomoni esa janubiy hududlarda Isroil tomonidan kuchli havo hujumlari va bombardimonlar bo‘layotganini ma’lum qilgan. “Hizbulloh” esa Isroil harbiy texnikasi va pozitsiyalariga qarshi hujumlar uyushtirilganini bildirgan.
“Chegara hududidagi harbiy keskinlikning kuchayishi tinch aholi xavfsizligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi va bu mojaro kengayib ketish xavfini oshiradi”, deya ushbu vaziyatga izoh bergan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Livandagi sobiq koordinatori.
UNESCO ma’lumotiga ko‘ra, Bofort qal’asi 900 yildan ortiq tarixga ega bo‘lib, Yaqin Sharqdagi eng yaxshi saqlangan o‘rta asr qal’alaridan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Isroil va Livan o‘rtasidagi mojaroni yumshatishga qaratilgan yangi tashabbusni ilgari surgandi. Taklifga ko‘ra, avvalo “Hizbulloh” Isroilga qarshi hujumlarni to‘xtatadi, evaziga Isroil ham Bayrutga qarshi harbiy harakatlarni kuchaytirmaslik majburiyatini oladi. AQSH bu bosqichma-bosqich kelishuv keskinlikni kamaytirishga xizmat qilishini bildirgan.
Live
Barchasi