Isroil Mudofaa vaziri G‘azoni egallash rejasini tasdiqladi

Olam

image
Isroil kuchlari shtab boshlig‘i ham G‘azoni egallash rejasini ma’qulladi north_east

Isroil kuchlari shtab boshlig‘i ham G‘azoni egallash rejasini ma’qulladi

Kecha, 19 avgust kuni Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats G‘azo shahrini egallash bo‘yicha operatsiyani tasdiqladi. Operatsiya “Gideonning aravalari 2” deb nomlangan bo‘lib, uning davomida zaxiradagi askarlarni safarbar qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda “Ynet” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, operatsiyaning maqsadi shaharni egallash, barcha garovdagilarni ozod qilish uchun sharoit yaratish va G‘azoni qurolsizlantirishdan iborat.

“The Times of Israel” manbalariga ko‘ra, 60 ming nafar zaxiradagi askarga chaqiruv qog‘ozi yuborilishi kutilmoqda. Ularga xizmatga chiqishdan oldin kamida ikki hafta tayyorgarlik vaqti beriladi. Mutaxassislarning hisobicha, G‘azo shahriga hujum davom ettirilsa, operatsiya paytida 130 ming atrofida isroilliklar zaxirada bo‘ladi, chunki o‘n minglab zahiradagi askarlar hozirning o‘zida xizmatda. Biroq ularning barchasi G‘azo operatsiyasida qatnashmaydi, ayrimlari boshqa frontlardagi muntazam qo‘shinlar bilan o‘rin almashadi.

Ma’lumot uchun, bungacha ommaviy axborot vositalarida HAMASning garovdagilar aks etgan videosidan so‘ng Isroil butun G‘azo sektorini bosib olish masalasini muhokama qilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Videoda erkaklardan biri ovqatsiz qolganini, tik tura olmayotganini va “o‘lim yoqasida” ekanini aytadi. Isroil HAMASni garovdagilarni och qoldirishda aybladi, biroq guruh bu da’volarni rad etib, garovdagilar askarlar va ochlikdan aziyat chekayotgan g‘azoliklar bilan bir xil taom yeyishini bildirdi.

BBC’ning yozishicha, Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi hukumat G‘azo sektorining to‘liq okkupatsiyasi va garovdagilarni harbiy yo‘l bilan ozod qilish rejalarini ko‘rib chiqmoqda. Isroil hukumati operatsiya qachon boshlanishini e’lon qilmagan, biroq mahalliy matbuot armiyaning darhol shaharga yurishi kutilmasligini, avvalo tinch aholining evakuatsiya qilinishi kerakligini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, Netanyaxu Isroilning boshqa yo‘li qolmaganini, maqsad – HAMASni butkul tor-mor qilish uchun G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni kengaytirish zarur ekanini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq HAMAS garovdagilarning yarmini ozod qilish evaziga 60 kunlik sulhga rozi bo‘lgani, biroq Isroil bundan bosh tortayotgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo Isroil Kats

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing