Isroil HAMAS qo‘mondonini o‘ldirdi
Olam
−
14 dekabr 3157 2 daqiqa
Isroil harbiylari kecha, 13 dekabr kuni G‘azo shahrida avtomashinaga berilgan zarba bilan HAMASning yuqori lavozimli qo‘mondoni Rayed Said o‘ldirilganini bildirdi. Isroil tomoniga ko‘ra, u 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga qarshi uyushtirilgan hujumlarning asosiy rejalashtiruvchilaridan biri bo‘lgan.
Bu joriy yil oktyabr oyida G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv kuchga kirgandan beri HAMASning eng taniqli yuqori lavozimli vakiliga nisbatan amalga oshirilgan suiqasd hisoblanadi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Mudofaa vaziri Isroil Kats qo‘shma bayonotda Said HAMAS tomonidan o‘sha kuni amalga oshirilgan, ikki isroillik askar jarohat olgan portlovchi qurilma hujumiga javoban nishonga olinganini aytdi.
G‘azo sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotiga ko‘ra, G‘azo shahridagi avtomashinaga qilingan zarba oqibatida besh kishi halok bo‘lgan, kamida 25 kishi yaralangan. HAMAS yoki tibbiy manbalar Said halok bo‘lgani haqida darhol tasdiq bermadi.
Isroil harbiy manbasi Saidni HAMASning yuqori lavozimli a’zosi sifatida ta’riflab, u guruhning qurol ishlab chiqarish tarmog‘ini yaratish va rivojlantirishda muhim rol o‘ynaganini bildirdi.
“So‘nggi oylarda u HAMASning salohiyatini va qurol ishlab chiqarishni qayta tiklash bilan shug‘ullandi, bu esa o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining ochiqdan-ochiq buzilishi”, deydi isroillik manba.
HAMASga yaqin manbalar esa Saidni guruhning qurolli qanotida Izz ad-Din al-Haddaddan keyin ikkinchi shaxs deb atagan. U avval HAMASning eng yirik va yaxshi jihozlangan bo‘linmalaridan biri hisoblangan G‘azo shahri bataloniga rahbarlik qilgan.
HAMAS bayonot bilan chiqib, hujumni o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining buzilishi deb qoraladi, biroq Saidga zarar yetgan-yetmaganini aytmadi va javob choralari bilan tahdid qilishdan tiyildi.
G‘azodagi urush 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS yetakchiligidagi jangchilar janubiy Isroilga hujum qilib, asosan tinch aholidan iborat 1200 kishini o‘ldirgani va 251 kishini asir olganidan keyin boshlangan. G‘azo sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotiga ko‘ra, Isroilning hujumlari oqibatida 70 700 dan ortiq falastinlik, aksariyati tinch aholi halok bo‘lgan.
Joriy yil 10 oktyabrdagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi yuz minglab falastinliklarning G‘azo shahri vayronalariga qaytishiga imkon berdi. Isroil qo‘shinlari shahar ichidagi pozitsiyalardan chekindi, gumanitar yordam oqimi ham oshdi.
Shu bilan birga, zo‘ravonlik to‘liq to‘xtamadi. Falastin sog‘liqni saqlash idoralari kelishuvdan beri Isroil zarbalarida kamida 386 kishi halok bo‘lganini aytadi. Isroil esa o‘t ochish to‘xtatilgandan beri uch nafar askari halok bo‘lganini va o‘nlab jangchilarga zarba berilganini ma’lum qildi.