Isroil va Suriya Iordaniyada maxfiy muzokara o‘tkazdi

Olam

image

Iordaniyada Isroil xavfsizlik xizmatlarining yuqori martabali vakillari va Suriya hukumati mansabdorlari o‘rtasida yashirin uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Al Akhbar” xabar berdi. 

Nashrning yozishicha, muzokaralarning asosiy muhokama mavzusi Suriya janubida keng miqyosli bufer zona (zararsizlantirilgan hudud) yaratish imkoniyati bo‘lgan. Agar tomonlar kelishuvga erishsa, Suriya mazkur zona ustidan nazoratni Isroil tomoniga topshirishi mumkin.

“Bu muzokaralar haqida hozircha Isroil yoki Suriya rasmiylari tomonidan rasmiy izoh berilmagan. Yashirin muzokaralar Birlashgan Arab Amirliklarining vositachiligida amalga oshmoqda. BAA nafaqat vositachi sifatida, balki muhokama qilinayotgan “yanada kengroq mintaqaviy qadamlar”ni ilgari suruvchi tomon sifatida ham ishtirok etmoqda”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, bungacha Ozarbayjonda tomonlar o‘rtasida shunday muzokaralar bo‘lib o‘tgan. Ushbu uchrashuvda Isroil tomoniga Isroil armiyasi Bosh shtabining operativ boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor Oded Basyuk vakillik qilgan. Suriyaning muvaqqat hukumati vakillari bilan o‘sha uchrashuvda Turkiya delegatsiyasi ham ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, 14 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan uchrashgandi. O‘shanda Ar-Riyod shahrida Turkiya, AQSH, Saudiya Arabistoni va Suriya yetakchilari ishtirokida onlayn formatdagi to‘rt tomonlama muloqot tashkil etildi. Tramp, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud va Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy) Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqot qildi. OAV Tramp ash-Sharaga Isroilni tan olish hamda Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilish taklifini berganini xabar qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Isroil maxfiy muzokara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing