Isroil vaziri Falastin bayrog‘ini ko‘targani uchun Yamalni tanqid qildi (video)
Olam
−
15 may 8447 2 daqiqa
Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats “Barselona” hujumchisi Lamin Yamalni Falastin bayrog‘ini ko‘targani uchun keskin tanqid qildi. Bu haqda vazir o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.
“Barselona” yetakchilaridan biri bo‘lgan Lamin Yamal 11 may kuni jamoaning chempionlik paradi vaqtida Falastin bayrog‘ini hilpiratgan. Shundan so‘ng Isroil Mudofaa vaziri futbolchini “Isroilga qarshi nafrat qo‘zg‘atishda” ayblagan.
Kats ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, Yamal “Isroilga qarshi gijgijlash va nafratni kuchaytirish bilan shug‘ullanishni tanlagan”, holbuki Isroil askarlari HAMASga qarshi urush olib bormoqda.
“Bunday bayonotlarni qo‘llab-quvvatlaydigan har kim o‘zidan so‘rashi kerak: bu uning nazarida insonparvarlikmi? Bu axloqiymi?” deb yozgan Kats va “Barselona” klubini futbolchi harakatlarini qoralashga chaqirgan.
Lamin Yamal chempionlik paradida ochiq tomli avtobus ustida Falastin bayrog‘ini ko‘targan holda ko‘ringan. Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, paradga qariyb 750 ming kishi yig‘ilgan.
Yamal musulmon diniga e’tiqod qiladi. Uning otasi Marokashdan, onasi esa Ekvatorial Gvineyadan. Parad ortidan futbolchi Falastin bayrog‘i bilan tushgan suratini Instagram sahifasiga ham joylashtirgan.
Bu mavsumda Yamal “Barselona” safida barcha musobaqalarda 45 ta o‘yinda 24 ta gol urib, 18 ta assist qayd etgan. Mavsum oxirida esa jarohat oldi.
Ispaniya hukumati ham Isroilning G‘azodagi harakatlarini muntazam tanqid qilib kelmoqda.
Live
Barchasi