Istanbulda o‘ldirilgan ayolning jasadi bo‘laklari topildi. U O‘zbekistonga qaytariladi (video)

3-sahifa

image

Avvalroq, Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbekistonlik ayol o‘ldirilib, jasadi boshsiz holda chiqindi konteyneriga tashlab ketilgani haqida xabar berilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, ayolning jasad bo‘laklari topilgan va uni O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘rilmoqda. Bu haqda ayni paytda Istanbulda bo‘lib turgan QALAMPIR.UZ jurnalisti ma’lum qildi.

O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsuli Sherzod Abdunazarovning aytishicha, hozirda tergov ishlari davom etmoqda.

“Biz bu holatni eshitimiz bilanoq, kecha soat oltida sud-tibbiy ekspertizasiga bordik. Hodisa sodir bo‘lgan joydagi politsiya binosiga yana bir xodimimizni jo‘natdik. U yerda tergov jarayoni bilan, xodimlari bilan bevosita muloqot qilib, o‘rganish ishlarini olib bordik. Ko‘plab ommaviy axborot vositalari holatni bilmasdan, ularning axloqiy jihatlarini yoki boshqa turli xil ma’lumotlarni tarqatishni boshlashdi. Bu holatlar aslida o‘z tasdig‘iga ega emas”, deydi u.

Sherzod Abdunazarovning bildirishicha, marhuma 7 yildan beri Istanbulda istiqomat qilib kelgan, qonuniy ishlagan va ikki nafar farzandi bo‘lgan.

“Ikki nafar farzandi bor. Boshida politsiya ham xavfsizligi nuqtai nazaridan bizga ma’lumotlarini berishmadi. Biz o‘zimiz ularni bir amallab qarindosh-urug‘lari orqali telefonlarini topib, voyaga yetmaganlar bilan ishlash politsiya bo‘limlaridagilar bilan aloqa o‘rnatib, ularning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ishlarini amalga oshirmoqdamiz. Ular bilan doimiy ravishda aloqadamiz. O‘zbekistondagi qarindoshlari bilan ularga ma’lumot berib bormoqdamiz”, deydi konsul.

Uning aytishicha, bolalar hozirda qarindoshlarining qo‘lida.

“Ular oila qo‘lida. Yaqinlari xabardor. Dildora Hakimovaning onasi va ukalariga xabar berdik. U Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatda turadi. Istanbulda qonuniy asosda vaqtincha yashagan”, deydi Sherzod Abdunazarov.

Unga ko‘ra, jasad O‘zbekiston hukumati hisobidan ortga qaytariladi. Hozirda jasadning hamma bo‘laklari topilib, birlashtirilgan.

Mahalliy nashrlarning yozishicha, joriy yilning 24 yanvar kuni kechasi Istanbulning Shishli tumani Duatepe mahallasida dahshatli voqea sodir bo‘ldi. Mahalliy vaqt bilan soat taxminan 19:40 larda hududda chiqindi yig‘ish va qog‘oz terish bilan shug‘ullanib yuradigan Okan ismli shaxs Kuyulubog‘ ko‘chasi, 25-uy oldidagi axlat konteynerini kovlar ekan, choyshab va paketlarga o‘ralgan jasadni payqab qolgan. U holat haqida xabar berish uchun politsiya bo‘limiga borib, ko‘rganlarini aytib bergan.

Okanning aytishicha, u hodisa vaqtida konteynerni kavlayotganida qora paketni ko‘rgan, paketni yirtganida qon va inson jasadiga ko‘zi tushgan hamda jasad hali issiq ekanini sezgan. Shundan so‘ng Feriko‘y politsiya bo‘limiga borib holatni ma’lum qilgan, politsiya xodimlari ham voqea joyiga kelib, jasadni konteyner ichida ko‘rgan. U politsiya bilan birga yana hodisa joyiga qaytgan. Dastlabki ko‘zdan kechirishda jasadning boshi kesilgan bo‘lib, ayol kishiga tegishli ekani taxmin qilingan.

Qotillik bo‘limi detektivlari olib borgan tekshiruvlar davomida yana bir guvohning ko‘rsatmasi olingan. Guvohning aytishicha, soat 19:00 lar atrofida u onasini ko‘rish uchun mazkur ko‘chaga kelgan va shu paytda axlat konteyneri oldida soqolli ikki erkakning chamadon bilan kutib turganini ko‘rgan.

Shuningdek, gumonlanuvchilarning jasadni chamadon ichida olib kelib tashlagan lahzalari aks etgan kuzatuv kamerasi tasvirlari ham aniqlangan. Kadrlarida ikki shaxs qo‘llarida chamadon bilan konteyner yoniga kelayotgani ko‘rinadi.

Detektivlar hodisa joyida olib borgan ishlar chog‘ida jasadning tanasi solingan konteynerda bosh va oyoqlar yo‘qligini aniqlagan. Jasad solingan deb taxmin qilingan chamadon esa bir necha ko‘cha naridagi Bozkurt ko‘chasidagi boshqa axlat joyidan topilgan.

Hodisa joyi buzilmasligi uchun jasad konteynerdan chiqarilmagan, shu sababli tananing to‘liq holati joyida batafsil baholanmagan. Hudud xavfsizlik halqasiga olinib, Qotillik bo‘limi va Hodisa joyini ko‘zdan kechirish bo‘limiga xabar berilgan va keng qamrovli tergov boshlangan.

Jamoat xavfsizligi bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida barmoq izi orqali ayolning shaxsi aniqlangan. U O‘zbekiston fuqarosi Durdona Hakimova ekani ma’lum bo‘lgan. Jasad ko‘zdan kechirilganda uning ustida qora rangli kurtka, qora rangli uzun yengli svitshot, qora ichki kiyim bo‘lgani va oq choyshabga o‘ralgan holatda ekani aniqlangan. Marhumaning shaxsi barmoq izi orqali tasdiqlangan.

Kamera yozuvlari va guvohlarning ko‘rsatmalariga ko‘ra, hodisa joyidagi axlat konteyneriga qoramtir kiyimdagi, soqolli ikki erkak och rangli chamadon bilan kelgani, keyin yana chamadon bilan piyoda ko‘chadan chiqib ketgani, gumonlanuvchilar chamadonni hodisa joyiga yaqin bo‘lgan Bozkurt ko‘chasi tomon tashlab ketgani aniqlangan.

Istanbul politsiyasi Istanbul aeroportida Gruziyaga qochmoqchi bo‘lgan paytda ikki nafar qotillikda gumonlanuvchini qo‘lga olgan. Ularning ikkalasi ham O‘zbekiston fuqarolari ekani ma’lum bo‘lgan. Razvedka bo‘limi va Qotillik bo‘limi tomonidan bir necha soat ichida ushlangan gumonlanuvchilardan biri qotillikni bevosita sodir etgan, ikkinchisi esa yordam bergani aniqlangan.

Qotillikni sodir etgan D.T. ko‘rsatma bergan.

“Durdona Hakimova bilan voqea kuni tanishganmiz, oramizda munosabat boshlangan. Jangallashib qoldik va men uni pichoq bilan o‘ldirdim. Keyin do‘stim bilan birga jasadni bo‘laklarga ajratdik. Jasad qismlarini alohida paketlab, chamadon ichiga joyladik. So‘ng tijorat taksisi bilan Shishli tumaniga keldik va jasad hamda uning qismlarini turli axlat konteynerlariga tashlab yubordik”, deydi u.

Gumonlanuvchilarning aeroportdan qochishga uringan paytda qo‘lga olingan lahzalari ham tasvirlarga tushgan. Shuningdek, gumonlanuvchilar foydalangan taksini boshqargan shaxs ham qo‘lga olingan. Shu tariqa ish bo‘yicha hibsga olinganlar soni 3 nafarga yetgan.


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul O'zbekiston jasadi o'ldirilgan ayol

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing