Italiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Rimda qo‘lga olindi
3-sahifa
−
09 may 4394 2 daqiqa
Italiyaning Toshkentdagi elchisi bo‘lgan 56 yoshli Papadia de Bottini di SantʼAneze hamda uning hamkori, 53 yoshli rossiyalik ayol Tatyana Tarakanova Rim prokuraturasi tomonidan noqonuniy migratsiyaga ko‘maklashish va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda gumon qilinmoqda. Bu haqda “La Repubblica” xabar berdi.
Tergov materiallariga ko‘ra, Papadia 2024 yil 2 dekabrda O‘zbekistondagi Italiya elchixonasi rahbari sifatida ish boshlaganidan keyin viza bo‘limi faoliyatini shaxsan o‘z nazoratiga olgan. Ko‘p o‘tmay, u Moskvada Italiya konsulligida o‘zi bilan birga ishlagan Tatyana Tarakovani ham viza bo‘limiga jalb qilgan.
Italiya moliyaviy politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, ular rossiyalik fuqarolarga Shengen hududiga kirish uchun uzoq muddatli turistik vizalarni 1 yildan 3 yilgacha qonun talablarisiz berib kelgan. Buning uchun esa har bir odamdan 4 ming yevrodan 16 ming yevrogacha pul olingan. Rasmiy tariflar esa aslida 45–60 yevro atrofida bo‘lgan.
Tergovchilarning aytishicha, sxema Moskvadagi Happy Travel, Visa4you va Park Lane turistik agentliklari orqali ishlagan. Ularning barchasi bir xil manzilda joylashgan bo‘lgan.
Hozirgacha kamida 95 nafar rossiyalik Italiyaga kerakli talablarsiz kirgani aniqlangan. Ayrimlar O‘zbekistonda yashamagan, ba’zilarning hujjatlaridagi imzolar pasportdagi imzolarga to‘g‘ri kelmagan, yana ba’zilari esa konsullikka umuman kelmagan holda viza olgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ba’zi “maxsus” arizalar hatto Telegram orqali yuborilgan. Ular “ro‘yxatdan tashqari” deb atalgan.
Bu ish 2025 yil 23 iyulda Italiya Tashqi ishlar vazirligi inspeksiyasi Toshkentdagi elchixonada tekshiruv o‘tkazganidan keyin ochilgan. Inspektorlar tekshirgan 92 ta viza ishining 81 tasida ariza bergan rossiyaliklarning elchixonaga kirgani haqida qayd yo‘qligi aniqlangan.
Shuningdek, Visa Concord Travel agentligi 2025 yil yanvar-iyun oylari orasida Tarakanovaning Bolgariyadagi hisob raqamiga 23,6 ming yevro o‘tkazgani ma’lum bo‘lgan. Bu to‘lovlar hujjatlarda “qarz” sifatida ko‘rsatilgan.
Tergov vaqtida elchixona xodimlaridan biri Marko Espozito Papadia bilan bo‘lgan suhbatni yozib olgan. Suhbatda u elchidan: “Bu ishni nega qildingiz? Pul uchunmi?” deb so‘raydi. Papadia esa: “Menga pul kerak edi”, deb javob bergan.Keyinroq Papadia bu gaplar bosim ostida aytilganini, inspeksiya vaqtida qattiq xavotirda bo‘lganini aytgan.
Hozirda Italiya prokuraturasi 400 ga yaqin viza ishini tekshirmoqda. Shuningdek, Papadianing taxminan 3 million yevrolik mol-mulki ham o‘rganilmoqda. U bu boylik meros orqali kelganini da’vo qilgan.
Live
Barchasi