Rossiya va O‘zbekiston orasida urush chiqarish harakati bormi?
Tahlil
−
10 Oktabr 34156 10 daqiqa
O‘zbekiston va Rossiya o‘zaro eng yuqori darajadagi diplomatik munosabatlar o‘rnatganiga roppa-rosa 20 yil bo‘ldi. 2005 yildan buyon Toshkent va Moskva bir-biriga ittifoqchi. Ittifoqchilik aloqalariga ortiqcha tarif shart emas. Yuqorida aytilganidek, bu eng yaqin aloqalarni o‘z ichiga oluvchi hamkorlikdir. Ammo bugun xalqaro maydondagi xaos o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan bir paytda, afsuski, Moskva va Toshkent o‘rtasiga sovuqchilik tushirishga qaratilgan harakatlar kuchaymoqda. Mazkur qora maqsadlarning drayveri esa noma’lum. Hozirgacha aniq bo‘lgani esa ig‘vo tarqatish, asosan, mayda shaxslar orqali, fuqarolar o‘rtasidagi o‘zaro huquqiy munosabatlarni siyosiylashtirtish ortidan amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda ko‘plab rus nashrlari hamda ba’zi provakatorlar uzoq paytdan buyon fuqarolar, jumladan, xalq orasida ma’lum obro‘-e’tiborga ega shaxslarni tinimsiz ravishda haqorat qilib kelgan, o‘zbeklarni Rossiyaning Ukrainadagi bosqinida qatnashishga undagan, bosqinchilikni yoqlagan va harakatlarida millatlar o‘rtasida nizo chiqarishga qaratilgan chaqiriqlar alomati mavjud bo‘lgan sovetparast blogerning qonuniy qo‘lga olinishini noto‘g‘ri talqin qilish yo‘lidan ketmoqda. Shu paytgacha u ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida sovet davri atributlari bilan ko‘rinish bergan bo‘lsa-da, unga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmagani ig‘vo mashinalarining ko‘ziga tashlanmayapti. Chunki amaldagi qonunchilikda bunday harakatlar uchun aniq jazo belgilanmagan. Ammo “O‘rtoq Aziz” nomi bilan tanilgan, asl ismi Aziz Hakimov bo‘lgan blogerning so‘nggi paytlardagi ko‘plab noo‘rin harakatlari orqali Jinoyat qonunchiligi bilan himoya qilinadigan chegaralarni buzganidan so‘ng uning hibsga olinishi bir to‘da provokatorlar uchun ayni muddao bo‘ldi.
Voqea aynan nimadan boshlandi? U qanday darajaga yetdi? Rossiyani O‘zbekistonga “qayrash” jarayoni qanday yo‘llar bilan amalga oshirilmoqda? Bu savollarga ushbu maqola orqali javob topasiz.
Bosqinni qumsaganlar
Mustaqillik – muqaddas tushuncha. Ammo uning mag‘zini chaqishga ba’zilarning farosati ojizlik qiladi. Mamlakatning o‘tmishi qirg‘inlar, zo‘ravolik va mislsiz kamsitishlar asosiga qurilgan bosqinchilik ostida o‘tgani bilan undaylarning ishi yo‘q. Masalan, ozod va tinch davlatda kimdir ijtimoiy tarmoqda bir necha ming kishilik auditoriyasiga sobiq Ittifoq davrining zaharli havosini qaytarish, uni ko‘klarga ko‘tarish, millatning tarixdagi va bugungi oydinlarini haqorat qilish, milliy o‘zlikni targ‘ib qilganlarga haqorat toshlarini otish hali-hanuz davom etmoqda. Bundanda yomoni esa ayni damda ikki mamlakatni bir-biriga qarshi qo‘yish uchun olib borilayotgan harakatlardir.
Qog‘ozga o‘ralgan holda O‘zbekiston suvereniteti va uning o‘tmishini tahqirlash, SSSR ramzlari bilan ommaga ko‘rinish, tarixda mustamlakachilar tomonidan qatag‘on qilingan millat oydinlarining oqlanish jarayoniga salbiy fikr bildirish va Rossiyaning Ukrainadagi bosqinchilik harakatlarini oqlash ishlariga “bel bog‘laganlar” bugun ham topiladi. Eng yomoni esa shunday shaxslarning ijtimoiy tarmoqda minglab odamlar kuzatadigan sahifa va kanallaridagi postlarga nazar tashlasangiz, ular sobiq ittifoq respublikalarining barchasi qaytadan bosib olinishi va SSSR tiklanishini istayotganini anglash qiyin emas. Telegram kanaliga Rossiya imperiyasining bosqinchilik siyosati namoyondolarining rasmini qo‘yib olganlaridan ham ularning tafakkuri qandayligini fahmlash mumkin. Aynan shu joyda ular o‘zbekistonliklarni Ukrainadagi bosqinda Rossiya tomonidan turib qatnashishga undaydi, yetmaganiga bosqinda ishtirok etgan ayrim yo‘ldan adashganlarni “qahramon” sanab, o‘rnak qilib ko‘rsatadi.
Kuzatuvlarimizga ko‘ra, undaylarni O‘zbekiston bayrog‘i yoki boshqa biron-bir davlat ramzlari bilan ko‘rmaysiz. Mustamlakachilik davrini qumasagan bunday kishilar odatda SSSR davridagi bayroqlar bilan tez-tez ko‘zga tashlanadi. Bu ishlarning barchasini o‘sha mustaqillikdan bexabarlar tarmoqdagi shaxsiy sahifa va kanallarida amalga oshiradi va bir so‘z bilan aytganda suverenitetga qarshi g‘oyalarni targ‘ib qiladi.
Chigirtka bir sakradi, ikki sakradi...
Esingizda bo‘lsa, joriy yil avgust oyida O‘zJOKU rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja o‘zini huquqshunos deb biladigan bloger Aziz Hakimov bilan sudlashgandi. JIB Uchtepa tuman sudida ma’muriy tartibda ko‘rib chiqilgan bu ishda bloger rektorni haqorat qilgani va u haqda yolg‘on ma’lumot tarqatgani uchun sud qarori bilan 18,7 mln so‘m jarima to‘lashi belgilandi. Ushbu shaxsning Qudratxo‘jaga nisbatan muttasil haqoratlari rektorning intervyularidan birida Rossiyaning Smolin, Prilepin, Zaxarov va yana boshqa siyosatchilariga bergan achchiq javoblari va bahosi hamda O‘zbekistonda yashab, o‘zbek tilini bilmaydiganlarga aytgan tarifidan keyin boshlangan.
“Bir chiqdi, indamadim, mayli, bu so‘z erkinligi, dedim, ikki chiqdi, indamadim, mayli, bu hurfikrlik dedim, uch chiqdi, indamadim, bu bahs va polemika, dedim. Indamaganim sari bu kimsa o‘zbekona andishamni qo‘rqoqlik deb o‘yladi shekilli, haddidan osha boshladi, axloq va odob chegarasini buzdi, meni natsist dedi, natsionalist dedi, bosmachilar va boylarning o‘lmay qolgan avlodi dedi, ismimni kamsitib yozdi, familiyamdan “-yev”ni olib tashlaganim, nima emish, yoqmaganmish, shu sabab bobolarim ismini ham buzib tahqirlay boshladi. Xo‘p chidadim, ko‘p chidadim! Ammo qarasam, tinmayapti, yigitlarimizning o‘zga davlatda jang qilishini madh qilyapti, non-tuzimizni yeb turib, bizning yurtimizni, vatandoshlarimizni ochiqdan-ochiq yerga ura boshladi”, deb yozgan Sherzodxon Qudratxo‘ja.
Ha, bu o‘sha “o‘rtoq Aziz” laqabi bilan tanilgan o‘tmishni qumsovchi bloger edi. Ammo bu shovvoz mazkur ishdan keyin ham hech tinchimadi. Shunchaki yuqori miqdordagi jarima uni avvlagi haqoratomuz va kurakda turmaydigan so‘zlarni aytishdan biroz tiyib qo‘ydi xolos. Lekin u o‘z sahifasida bundanda jiddiyroq va xavfli qadamlarni tashlashga o‘tdi. Qudratxo‘jadan keyin u Nikita Makarenkoni nishonga oldi va shu nuqtada u uchun ma’muriy ishlar nihoyasiga yetib, “qahramonimiz”ni jinoyat ishi bo‘yicha ayblov kutib oldi. U Makarenkoni “Banderaning qo‘li” deb atagan. Bu atama Rossiya tomonlarda ukrain xalqining ziddiyatli namoyondosi Stefan Banderani natsistga chiqarish orqali, Ukrainada hozir ham ruslarga qarshi go‘yoki millatchilik harakatlari avj olgan degan da’voni ilgari surish uchun qo‘llaniladi. Nikita esa Hakimovning bu haqoratli so‘zlari uchun uni sudga berdi. Hakimovning uzoq yillik kamsitish va haqoratlarga yo‘g‘irilgan faoliyati ustidan faqat Makarenko emas, balki yana bir necha nafar fuqarolar ham shikoyat qilgani aytildi.
“Bu odam uzoq yillar davomida O‘zbekiston suverenitetiga faol qarshi chiqdi va SSSRni tiklash tarafdori bo‘ldi. Urushni, fuqarolarimizni xorijiy davlatlar qurolli kuchlari safiga jalb qilishni targ‘ib qildi. U ko‘plab mashhur kishilarni eng behayo va qo‘pol so‘zlar bilan haqoratladi, dezinformatsiyalar, soxta xabarlar, tuhmatlar tarqatdi. Men va boshqa ko‘plab O‘zbekiston fuqarolari 2023 va 2024 yillarda uning ustidan o‘nlab arizalar yozganmiz. Ular hech qachon bajarilmagan. Menimcha, bitta oddiy sabab bor edi: uning biron bir tashkilotda bu ekstremistik faoliyatga baraka bergan xodimi bor edi. Ammo bu qonunbuzarlikka chek qo‘yildi. Va nihoyat, o‘z sha’nimiz va qadr-qimmatimizni belgilangan qonun asosida himoya qila olamiz”, deydi Nikita Makarenko.
Bloger shuningdek, Hakimov atrofidagi ish siyosiylashtirilayotgani, bu xuddiki, O‘zbekistonda “rusofobiya” avj olgan va mamlakat ichida rus tili hamda madaniyatiga qarshi harakatlar ketayotgandek notog‘ri talqin qilinayotgani haqida ham so‘z ochgan.
“Endi esa o‘ziga qo‘yilgan og‘ir ayblovlardan o‘zini himoya qilish maqsadida Aziz Hakimov o‘z ishini “siyosiy” deb ko‘rsatishga urinmoqda. Unga ko‘p ehtimol bilan chet el tashkilotlari yordam bermoqda, O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashish talablari bo‘lmoqda. Bu ishning siyosatga hech qanday aloqasi yo‘q. O‘zbekistonda “rusofobiya” yo‘q. Biz rus madaniyati va rus tilining tashuvchilarimiz. Hech kim bizning haq-huquqimizni poymol qilmagan, zulm qilgani yo‘q. Biz o‘z tilimizda ravon gaplashamiz, rus tilidagi maktab va universitetlarda o‘qiymiz, rus tilidagi ommaviy axborot vositalarini kuzatamiz, rus tilidagi teatr va kinolarni tomosha qilamiz. Biz, O‘zbekiston fuqarolari, chetdan hech qanday “rus tili himoyachilari”ga muhtoj emasmiz. Lekin biz O‘zbekiston suverenitetiga qarshi qaratilgan har qanday tashviqotga mutlaqo qarshimiz. Biz jinoiy kommunistik mafkurani ulug‘lashga mutlaqo qarshimiz. Biz qizil bayroqlarga qarshimiz. Men mustamlakachilik tuzumini tiklashga urinishlarga qarshiman. Shunday ekan, agar shunday qilsangiz, odamlarni o‘ng-chap so‘ksangiz, o‘z qilmishlaringiz uchun javob berishingizga hayron bo‘lmang”, deb yozgan Makarenko
Aynan Makarenko bilan bo‘lgan keys fonida Aziz Hakimov qizil chiziqlarni kesib o‘tdi. U o‘zining Telegram kanalida yo‘llagan videomurojatida rusiyzabon aholini ko‘tarilishga undaganiga oid materiallarga ko‘zimiz tushadi.
Ayni damda Hakimovga nisbatan Jinoyat kodeksining 4 ta moddasi bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan. Ularning ikkitasi 139 va 140 moddalar tuhmat va haqorat qilishdan iborat. Qolgan ikkitasi esa ancha jiddiy bo‘lib, 150-modda (urushni targ‘ib qilish” va 156-modda (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zgatish) bo‘yicha qo‘yilgan. Joriy 26 sentyabrdan buyon uning Telegram kanali boshqa yaqinlari tomonidan ishlatilmoqda. Uning hibsga olinishi ham aynan shu kunlarga to‘g‘ri keladi. Blogerning advokati hozirda Hakimovning sog‘lig‘ida va ruhiy holatida muammolar borligi haqida ma’lum qildi.
Kim o‘zi u?
Aziz Hakimovga uzoq tarif berishning hojati yo‘q. Uning birgina posti blogerning faoliyati haqida tushuncha shakllanishiga yetarli. Chunki qolgan fikrlari va postlari ham bir xil mazmunda: SSSR eng adolatli pok tuzilma bo‘lgan, bugungi Rossiyaning bosqinchilik siyosati aslida to‘g‘ri va Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarga qarshi haqoratomuz va tahqirli reydlar qonun asosida olib borilmoqda. U huddi shunday fikrlaydi.
Masalan, yaqindagina, aniqrog‘i qo‘lga olinishidan bir necha kun oldin Krasnoyarsk o‘lkasida o‘zbekistonlik xonanda Jaloliddin Ahmadaliyevning konserti paytida o‘tkazilgan reydni bir og‘iz so‘z bilan “qonuniy” deya tariflagan O‘zbekistondagi kam sonli shaxslardan biri aynan Aziz Hakimov bo‘lgan. Bundan tashqari u TIV va boshqa tuzilmalarga ham aql o‘rgatish va O‘zbekistonning ko‘pvektorli siyosati, bosqindan jabr ko‘rgan ukrain bolalariga yordam berganini tanqid qilish bilan ham shug‘ullangan. Eng qizig‘i u bu fikrini bir necha hafta oldin Kiyevda qullikda saqlangan 13 nafar o‘zbekistonlik voqeasi orqali izohlashga uringan.
SSSRning qatag‘onchi rahbarlarini ulug‘lab yozgan postlariga qarab esa Hakimov advokati aytganidek, hozir hibsdalik payti emas, balki oldindan ruhiy muammolar bilan yuzlashgan degan gumonga borish ham hech gap emas.
Ish Kremlni Toshkentga qayrashga yo‘naltirilmoqda
Avvalo, bu voqealar nima maqsadda amalga oshirilayotganini tushunish lozim. O‘zbekiston ichida ketayotgan propaganda o‘sha Hakimov tomonidan mustaqil tarzda amalga oshirilyaptimi yoki uning ortida qandaydir kuchlar turibdimi? Masalaning asosiy mazmun-mohiyati ham aynan shunda. Chunki uning hibsga olinishi ortidan yuz berayotgan voqealar hamda bildirilayotgan fikrlar bu Rossiyani O‘zbekistonga qarshi qo‘yish, Ukraina ssenariysini O‘zbekistonga ham qo‘llashdan manfaatdor bo‘lgan kuchlar rejasining bir qismi degan shubhalar ham yo‘q emas.
Masalan, Hakimov ishi fuqarolik munosabatlari ortida yuzaga chiqdi. O‘zbeksiton fuqarolari o‘zaro fikriy kelishmovchilik yuzasidan bir-biri bilan qonun doirasida sudlashdi. Keyinchalik esa Hakimov o‘zining boshqa harakatlari oqibatida qonun doirasida hibsga olindi. Unga 4 ta modda bo‘yicha jinoiy ish ochildi. Hammasi o‘z yo‘lida, O‘zbekistonda qaror topgan qonunchilik doirasida ketmoqda. Ammo buni chetdan turib, o‘z maqsadlari yo‘lida noto‘g‘ri talqin qilish avj olmoqda. Bir qancha rus saytlari Hakimovning qo‘lga olinishi va unga nisbatan qo‘yilgan ayblovlarni “rusofobiya” deb, O‘zbekistonda Rossiya tarafdorlarining taqib qilinishi va ularga qarshi qandaydir “tozalash” ishlari amalga oshirilmoqda, degan mazmundagi xabarlar chiqarmoqda. Yanada xavotirli tomoni shundaki, bu ishga hatto Rossiya propagandasining murvatlaridan biri bo‘lgan mashhur jurnalist va teleboshlovchi Ruslan Ostashko ham munosabat bildirgan. U o‘zining salkam yarim millionlik auditoriyaga ega Telegram kanalida Hakimov ishi haqida post qoldirdi.
Muammo shundaki, bu ishlarning maqsadi nima ekani haqidagi murakkab savolga hali aniq javob yo‘q. Hakimov ishi doirasida chetdan bo‘layotgan munosabatlar O‘zbekistonning ichki ishiga aralashishdan boshqa narsa emas. Bu ishni “qoyilmaqom” qilib bajaradigan Rossiya TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarova esa hozircha jim. O‘tgan yili O‘zbekistondagi maktabda bir bolaning kaltaklanishigacha burun suqqan Zaxarovaga hozircha bu voqelar haqida ma’lumot yetib bormagan, yoki hali uning tugmasi bosilmagan.
Live
Barchasi