Qayta qurish! Qirg‘izistonda kuchlar qanday taqsimlanyapti?
Tahlil
−
10:54 3069 7 daqiqa
So‘ngi kunlarda Qirg‘izistonda siyosiy hayotidan muhim o‘zgarishlar yuz bermoqda. Xususan, Prezident Sadir Japarov o‘zining eng yaqin amaldori va do‘sti, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevni iste’foga chiqardi. Bu esa mamlakat siyosiy doiralari va jamoatchiligi orasi keng muhokamalarni keltirib chiqardi. Lavozimidan ayrilgan birgina Tashiyev emas. Sadir Japarov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi faoliyatida qator o‘zgarishlarga qo‘l urdi.
Kimlar ketdi?
Qamchibek Tashiyev
Prezident Farmoni bilan Qamchibek Tashiyev bir vaqtning o‘zida Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbarligidan ozod qilindi. Tashiyev 2020 yil 16 oktyabrda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga ta’yinlangan. U Prezident Sooronbay Jeenbekovning rahbarlikdan chetlatilishi bilan yakunlangan oktyabr voqealari vaqtida xavfsizlik xizmati raisi lavozimini egallashi Sadir Japarovning hokimiyat tepasiga kelishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. O‘sha paytdan beri, Qamchibek Tashiyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi faoliyatini tubdan isloh qilib, uning ta’sir doirasini kengaytiriyotgan edi. Xususan, davlat qo‘mitasi bo‘limlari uchun yangi binolar qurildi va zamonaviy uskunalar sotib olindi. Shu bilan birga, “kusturizatsiya” deb nomlangan, ya’ni amaldorlar tomonidan ilgari o‘g‘irlangan aktivlarni qaytarib olish boshlandi. Jinoyatchilikka qarshi jiddiy kurash olib borildi. Qamchibek Tashiyev olti yilik faoliyati davomida xalqining mehrini qozondi. Shu bilan birga, adolatli chiqishlari ortidan ko‘plab dushmanlar ham orttirdi.
Qurbonbek Avazov
Qurbonbek Avazov Prezident farmoni bilan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod qilindi.
Daniyel Risaliyev
Farmonga ko‘ra, Risaliyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari va Kiberxavfsizlik bo‘yicha muvofiqlashtirish markazi direktori lavozimidan chetlatildi.
Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li
Bugun, 12 fevral kuni Qirg‘iziston Jogorku Kenesh spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li o‘z vakolatlarini topshirdi. Bu haqda, u parlament majlisida ma’lum qilgan. Biroq, Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi deputati bo‘lib qoladi. Bunday qaror Prezident Sadir Japarov tomonidan amalga oshirilayotgan kadrlar o‘zgarishlari fonida qabul qilingan. U ushbu lavozimni 2022 yildan buyon egallab kelayotgan edi.
Elizar Smanov
Smanov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari va Terrorizmga qarshi kurash markazi direktori lavozimidan iste’foga chiqarildi.
Tayinlovlar
Jumgalbek Shabdanbekov
Jumgalbek Shabdanbekov Tashiyev o‘rniga Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. U 2020 yildan beri 9-xizmat boshlig‘i va Davlat qo‘mitasi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Shabdanbekov 55 yoshda. 2022 yilda unga general-mayor unvoni berilgan.
Rustam Mamasodiqov
Prezident qarori bilan Mamasodiqov Xavfsizlik Kengashi kotibi lavozimidan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosariga aylandi. Unga bu idorada begona emas. Rustam Mamasodiqov birinchi marta 2008 yilda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari etib tayinlangan. U 2010 yilgi aprel inqilobidan keyin lavozimidan chetlatilgan. 2011 yilda Rustam Mamasadiqov xavfsizlik xizmatiga qaytib, Terrorizmga qarshi kurash markazini boshqargan. 2018 yil aprel oyida yana Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimini tark etgan. Keyinchalik bir muddat Davlat qo‘mitasida ishlaganidan so‘ng Xavfsizlik kengashi kotibi etib tayinlangan.
Uranbek Shodibekov
Shodibekov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari va Davlat qo‘mitasining Kiberxavfsizlik markazi rahbari etib tayinlandi.
Alisher Erbayev
Alisher Erbayev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari hamda Terrorizmga qarshi kurash markazi direktori etib tayinlandi. Erbayev 1997 yilda Rossiya Qurolli kuchlarining Havo mudofaasi harbiy akademiyasini radiotexnika mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 2015 yilda esa O‘sh davlat universitetini huquqshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. U 1997 yildan 2013 yilgacha milliy xavfsizlik idoralari va Moliya politsiyasida xizmat qilgan. Bir muddat biznes bilan shug‘ullanganidan so‘ng Qirg‘iziston Milliy elektr tarmog‘ida ishlagan. 2016 yildan 2019 yilgacha Davlat bojxona xizmati Ichki xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash departamenti boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan. Alisher Erbayev 2021 yildan 2025 yilgacha Jogorku Kenesh deputati bo‘lgan.
Abdukarim Alimbayev
U Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod qilinib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Ushbu xizmat Davlat qo‘mitasi tuzilmasidan chiqarildi. Abdukarim Alimbayev 1973 yil 19 aprelda tug‘ilgan. U 1995 yilda Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Harbiy institutini va 2006 yilda Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Harbiy akademiyasini tamomlagan. 1993 yildan boshlab Chegara xizmatida ish boshlagan va 2016 yili rahbar lavozimiga ko‘tarilgan.
Marlen Mamataliyev
Bugun, 12 fevral kuni Marlen Mamataliyev Qirg‘iziston Jogorku Keneshi spikeri etib saylandi. Uning nomzodini 77 deputat qo‘llab-quvvatlagan. Mamataliyev spikerlik lavozimiga yagona nomzod edi. U 1981 yil 24 mart kuni Bishkek shahrida tug‘ilgan. I.Razzaqov nomidagi Qirg‘iz texnik universitetining axborot texnologiyalari fakultetini, shuningdek Qirg‘iz iqtisodiyot universitetining “Moliya va kredit” mutaxassisligini tamomlagan. Singapurdagi Civil Service College’da davlat xizmatida inson resurslarini boshqarish yo‘nalishida tahsil olgan. J.Balasagin nomidagi Qirg‘iz milliy universitetini ham bitirib, yurist mutaxassisligini olgan. Shuningdek, Rossiya Prezidenti huzuridagi Xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasida davlat boshqaruvi bo‘yicha malaka oshirgan. 2003–2006 yillarda Qirg‘iz Respublikasi Ijtimoiy fondi va Iqtisodiyot va moliya vazirligida ishlagan. 2007–2008 yillarda moliya vaziri hamda iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri yordamchisi bo‘lgan. 2009 yilda u Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosarining maslahatchisi etib tayinlangan.
2010–2011 yillarda Jogorku Keneshdagi “Or-Nomus” fraksiyasi kotibiyatini boshqargan, 2011–2012 yillarda Iqtisodiy tartibga solish vazirligida stats-kotib va boshqarma boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. 2012 yilda Qirg‘iz Respublikasi hukumati apparatining real sektor bo‘limiga rahbarlik qilgan. 2013–2018 yillarda xususiy sektorda faoliyat yuritgan, jumladan “Aziya moll” savdo-ko‘ngilochar markazi bosh direktori bo‘lgan. 2021 yildan Jogorku Kenesh VII chaqiriq deputati, “Intimaq” parlament fraksiyasi rahbari, byudjet, iqtisodiy va fiskal siyosat qo‘mitasi raisi sifatida ishlagan. 2025 yilda Bishkek shahrining Birinchi may tumani bo‘yicha №22 yakka mandatli saylov okrugidan VIII chaqiriq deputati etib saylangan. VII chaqiriq davri yakunlariga ko‘ra, qabul qilingan qonunlar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichga ega deputat sifatida qayd etilgan.
Odil O‘rozbekov
Prezident farmoniga ko‘ra, Odil O‘rozbekov Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi kotibi etib tayinlandi. U 47 yoshda, Qirg‘iziston xalqaro universitetini “diplomatiya va xalqaro huquq” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan, keyinchalik Rossiya Federal xavfsizlik xizmati akademiyasida tahsil olgan. 2001 yildan 2017 yilgacha milliy xavfsizlik organlarida ishlagan, so‘ngra 2019 yilgacha SHHT Kotibiyatida turli lavozimlarda mehnat qilgan. 2023-2024 yillarda Prezident Administratsiyasi situatsion markazi eksperti bo‘lgan. O‘tgan yilning dekabr oyidan beri Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasida ishlab kelayotgan edi.
Strukturaviy o‘zgarishlar
Chegara xizmati Davlat xavfsizlik qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi
Prezident Sadir Japarov mamlakatda bo‘layotgan siyosiy o‘zgarishlar fonida Chegara xizmatini Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarish to‘g‘risidagi Farmonni imzoladi. Bu orqali ushbu tuzilma mustaqil davlat idorasi — Qirg‘iziston Respublikasi Davlat chegara xizmatiga aylantirildi. Chegara xizmatining bo‘ysinuvi yillar davomida bir necha bor o‘zgargan. 2012 yilda Chegara qo‘shinlari Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarilib, mustaqil davlat idorasiga aylantirilgan. 2020 yil noyabr oyida yana Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga o‘tkazildi.
Davlat qo‘riqlash xizmati tashkil etildi
Qirg‘iziston rahbari Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati asosida Prezident Davlat qo‘riqlash xizmatini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Endilikda tashkilot to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat rahbariga hisobot beradi. Ilgari alohida bo‘linma bo‘lgan. 2010 yilgi inqilobdan keyin Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tarkibiga kiritilgan.
Mish-mishlar va inkorlar
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasida kadrlar o‘zgarishi bilan bir qatorda turli mish-mishlar tarqala boshladi. Rasmiylar ularni inkor qilishga harakat qilmoqda. Qo‘mita matbuot xizmati Bishkekdagi boshqarma rahbari Eldar Jakipbekovning hibsga olingani haqidagi xabarlarni rad etdi. Shuningdek, Ichki ishlar vazirligining maxsus kuchlar polkining Prezident ixtiyoriga o‘tkazilgani haqidagi xabarlar rad etildi. Vazirlik maxsus kuchlar odatdagidek ishlashda davom etayotganini ma’lum qilgan.
Jamshidbek Amirov
Live
Barchasi