Qirg‘iziston MXDQning vakolatlari qisqardi

Olam

image

Qirg‘izistonda Chegara xizmati Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) tarkibidan chiqarilib, Davlat chegara xizmati sifatida mustaqil davlat organiga aylantirildi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi. 

Nashrning yozishicha, Chegara xizmati qo‘mita boshqaruv tizimiga kirib, bevosita rahbariyatga bo‘ysungan. 

Shuningdek, MXDQning To‘qqizinchi xizmati negizida Davlat muhofaza xizmati tashkil etilmoqda. Yangi tuzilma bevosita Prezidentga bo‘ysunadi va davlat mansabdor shaxslari hamda ob’ektlarini qo‘riqlash uchun javob beradi.

Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston Respublikasi Chegara xizmati turli yillarda bir necha bor bo‘ysunuv maqomini o‘zgartirgan. 2012 yilda Chegara qo‘shinlari Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi tarkibidan chiqarilib, mamlakat rahbariyatiga bevosita bo‘ysunuvchi mustaqil davlat organiga aylantirilgan. 2020 yil noyabrida esa Chegara xizmati yana MXDQ tasarrufiga o‘tkazilgan. Bu qaror kuch tuzilmalari islohoti doirasida qabul qilingan. Chegara xizmati rahbari MXDQ raisining birinchi o‘rinbosari maqomini olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq MXDQ raisi Qamchibek Tashiyev iste’foga chiqarilgani, uning o‘rnini esa o‘rinbosari Jumgalbek Shabdanbekov egallagani haqida xabar berilgan edi.

Sadir Japarovning matbuot kotibi Askat Alagozov mazkur o‘zgarishlar yuzasidan bayonot berdi. Uning aytishicha, Sadir Japarovning ushbu qarori davlat manfaatlari yo‘lida, jamiyatda, jumladan, davlat tuzilmalari o‘rtasida bo‘linishning oldini olish va aksincha, birlikni mustahkamlash maqsadida qabul qilingan.

Qayd etish joiz, so‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak prezidentlik saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Milliy xavfsizlik davlat qo'mitasi Chegara xizmati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing