Tashiyevning o‘rinbosarlari ham ishdan olindi
Olam
−
10 fevral 4670 3 daqiqa
Avvalroq, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Qamchibek Tashiyev lavozimidan ozod etilgani haqida xabar berilgan edi. Uning uch nafar o‘rinbosari ham ishdan olindi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Sadir Japarov ma’muriyati xabar berdi.
Unga ko‘ra, birinchi o‘rinbosar Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olingan.
Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi.
Ma’lumot uchun, Abdukarim Alimboyev 1973 yil 19 aprelda tug‘ilgan, oliy ma’lumotli. 1995 yilda Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Harbiy institutini, 2006 yilda esa Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmati Harbiy akademiyasini tamomlagan. 1993-2013 yillarda Qirg‘iziston Chegara xizmatida turli bo‘linmalarga qo‘mondonlik qilgan. 2013-2014 yillarda Davlat chegara xizmatining O‘sh va Jalolobod viloyatlari bo‘yicha mintaqaviy boshqarmasi rahbari bo‘lgan. 2014-2016 yillarda Davlat chegara xizmati raisining o‘rinbosari, 2016 yil mayidan esa Davlat chegara xizmati raisi lavozimida ishlagan. Uylangan, uch nafar farzandi bor.
Alisher Erboyev Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining o‘rinbosari – MXDQ Antiterror markazi direktori etib tayinlandi. U 1973 yil 23 noyabrda Jalolobod viloyati Ala-Buka tumani Qo‘shterak qishlog‘ida tug‘ilgan.
1997 yilda Rossiya Qurolli kuchlari quruqlik qo‘shinlarining harbiy havo hujumiga qarshi mudofaa akademiyasini “radiotexnika vositalaridan foydalanish muhandisi” ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan. 2015 yilda O‘sh davlat universitetida “huquqshunoslik” yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan.
1997-2009 yillarda Qirg‘iziston milliy xavfsizlik organlarida haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lgan. 2010 yil yanvar–iyul oylarida Qirg‘iziston hukumati huzuridagi Moliyaviy politsiya organlarida xizmat qilgan. 2010–2013 yillarda qaytadan MXDQ tizimida xizmatni davom ettirgan. 2013-2014 yillarda “ODA Temir-Jol Kүzot” MCHJ bosh direktori, 2014–2015 yillarda “Qirg‘iziston milliy elektr tarmoqlari” OAJ bosh direktorining maslahatchisi, 2015–2016 yillarda shu jamiyatda ta’minot va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha direktor lavozimlarida ishlagan. 2016–2019 yillarda Qirg‘iziston hukumati huzuridagi Davlat bojxona xizmatida ichki xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. 2019 yildan MXDQ ixtiyorida. 2021–2025 yillarda VII chaqiriq Jogorku Kenesh deputati bo‘lgan.
Shuningdek, Uranbek Shodibekov MXDQ raisining o‘rinbosari – Kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha muvofiqlashtiruv markazi direktori etib tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq MXDQ raisi Qamchibek Tashiyev iste’foga chiqarilgani, uning o‘rnini esa o‘rinbosari Jumgalbek Shabdanbekov egallagani haqida xabar berilgan edi.
Sadir Japarovning matbuot kotibi Askat Alagozov mazkur o‘zgarishlar yuzasidan bayonot berdi. Uning aytishicha, Sadir Japarovning ushbu qarori davlat manfaatlari yo‘lida, jamiyatda, jumladan, davlat tuzilmalari o‘rtasida bo‘linishning oldini olish va aksincha, birlikni mustahkamlash maqsadida qabul qilingan.
Qayd etish joiz, so‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak prezidentlik saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.