Qirg‘izistonda internet ustidan davlat monopoliyasi o‘rnatildi
Olam
−
30 iyul 2740 2 daqiqa
Qirg‘izistonda xalqaro internet-trafik ustidan davlat monopoliyasi joriy qilinadi va pornografik materiallar joylashtirilgan saytlar taqiqlanadi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Sadir Japarov imzolagan “Davlat korxonalarini samarali boshqarishni tashkil etish hamda raqamli va telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonda so‘z boradi.
“2025 yil 15 avgustdan 2026 yil 14 avgustgacha Qirg‘iz Respublikasi hududida xalqaro internet-trafikni yetkazib berish va taqdim etish bo‘yicha vaqtinchalik 100 foizlik davlat monopoliyasini o‘rnatish bo‘yicha sinov tartibi joriy etiladi”, deyiladi Prezident farmonida.
Internetda pornografiyani tarqatishni taqiqlovchi qonun ham avgust oyida kuchga kiradi (u joriy yilning 28 iyulda e’lon qilingan bo‘lib, o‘n kun o‘tib kuchga kiradi).
Xalqaro internet-trafik ustidan davlat monopoliyasini nazarda tutuvchi farmonga ko‘ra, uning yetkazib berish huquqi faqat “ElKat” MCHJga beriladi. Bu yirik mahalliy internet-provayder bo‘lib, joriy yilda davlat mulkiga o‘tkazilgan. Boshqa provayderlar internet-trafikni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarni unga topshirishi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, yana bir provayder – “Aknet” ham “ElKat” mulkiga o‘tadi.
Rasmiy bayonotda aytilishicha, bu qaror “samarali boshqaruvni tashkil etish” va “doimiy texnologik o‘zgarishlar”ni hisobga olgan holda “raqamli transformatsiyani yanada takomillashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish” uchun qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov sudlangan shaxslarning davlatning yuqori lavozimlarida ishlashini taqiqlovchi “Qirg‘iziston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunini imzolagan edi.
Live
Barchasi