“Qirollarni tan olmaymiz”. Kolumbiya Trampga javob qaytardi

Olam

image

Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro AQSH Prezidenti Donald Trampning “Kolumbiya nazoratdan chiqib ketdi” degan bayonotiga keskin javob qaytardi.

“Albatta, u nazoratdan chiqdi – lekin o‘zining nazoratidan! Demokratiyada hukumat xalqka bo‘ysunadi, Trampga emas. U Kolumbiyaning qiroli emas, biz esa bu yerda qirollarni tan olmaymiz, nuqta”, dedi Petro mahalliy telekanalga bergan intervyusida. 

U bu so‘zlarni Oq uy rahbari uni “narkotrafik yetakchisi” deb atagan aybloviga izoh sifatida aytdi.

Petroning ta’kidlashicha, respublikalarda hech kim o‘zini qiroldek tuta olmaydi. 

“Bu yerda qirollik da’vosi bilan kelganlarga boshqacha munosabatda bo‘lishadi. Men buni ramziy ma’noda aytyapman – bizda o‘lim jazosi yo‘q. Lekin qirollarga bo‘ysunmaymiz va hech qanday qirol bu yerda hech kimni sukut saqlashga majbur qilolmaydi. XXI asrda ham ba’zilar o‘zlarini qirol yo gubernator deb o‘ylaydi, lekin respublikalarda bu imkonsiz”, dedi Kolumbiya rahbari.

Petro AQSH ayblayotgan Karib dengizi orqali giyohvand moddalar tashish bilan bog‘liq kemalar haqida ham to‘xtalib o‘tdi. 

“Bizning hududiy suvlarimizda bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlayapmiz, lekin bizga koordinatalarni berishmagan. Bunday vaziyatda davlat rahbari nimani qilishi kerak – jim turib tiz cho‘kishmi yoki insoniy qadr-qimmat bilan gapirishmi? Biz xalqaro tashkilotlarga murojaat qilamiz va milliy suverenitetimizni himoya qilamiz”, dedi u.

Diplomatik nizo fonida AQSHga yon berish niyati yo‘qligini ta’kidlab, Petro shunday dedi:

“Men yon bermayman, men talab qilaman. Agar Kolumbiya borini bergan bo‘lsa, endi unda ortiq beriladigan narsa qolmadi”.

Prezident, shuningdek, Kolumbiya AQSHning Venesuelaga bosqin uyushtirish rejalarini qo‘llamasligini ochiq bayon qildi:

“Trampni mening Kolumbiya armiyasi ishtirokida AQSHning Venesuelaga bosqinini qo‘llamasligim g‘azablantirmoqda. Yo‘q janoblar, qaysi aqlli kolumbiyalik o‘z qardoshlari, jiyanlari yoki Venesuelada yashovchi 4 million hamyurtlariga qarshi boradi? Ular G‘azodagidek o‘ldirilishi uchunmi?” dedi u.

Shuningdek, Petro AQSHning Kolumbiyadagi vaqtinchalik vakili Jon Maknamara bilan Bogotadagi prezident saroyi Kasa-de-Narinoda uchrashuv o‘tkazdi.

AQSH OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp avvalroq Kolumbiyani “butun dunyo oilalarini zaharlayotgan giyohvand moddalar ishlab chiqarish va tarqatishda” ayblagan. Oq uy rahbari: “Kolumbiya nazoratdan chiqdi va uning tarixi uchun eng yomon prezident – Gustavo Petro, muammolarga to‘la va ongida muvozanat yo‘q odam”, deb bayonot bergan edi.

Tramp ilgari Petroni “noqonuniy narkosavdo yetakchisi” deb atab, Kolumbiyaga moliyaviy yordamni to‘xtatishni e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, Petro narkosanoatni “mamlakatning eng yirik tarmog‘iga” aylantirgan.

AQSH Prezidenti Petrodan “narkokartellarni yopishni” talab qilgan, aks holda “qattiq chora ko‘rish” bilan tahdid qilgan. Bunga javoban Petro: “Tramp o‘z atrofidagilar va maslahatchilari tomonidan chalg‘itilgan”, deb aytgan. Sentyabr oyida AQSH Kolumbiyani giyohvandlikka qarshi kurashda “yetarli harakat qilmagan davlatlar” ro‘yxatiga kiritdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Kolumbiya Gustavo Petro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing