Qobuldagi portlashda Xitoy fuqarosi halok bo‘ldi
Olam
−
21 yanvar 1921 2 daqiqa
Avvalroq, Afg‘oniston poytaxti Qobul shahrida portlash sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, portlash Shahri-Nav hududida joylashgan xitoyliklar tomonidan boshqariladigan restoranda sodir bo‘lgan. Hujum uchun javobgarlikni “Islomiy davlat” (ISHID) guruhi o‘z zimmasiga olgan. Bu haqda shahar politsiyasi vakili Xolid Zadranga tayanib, “Al Jazeera” xabar qildi.
Keltirilishicha, xodisa oqibatida bir nafar Xitoy fuqarosi va olti nafar afg‘onistonlik halok bo‘lgan, yana besh kishi jarohatlangan. Zadranning so‘zlariga ko‘ra, restoran Xitoy musulmon jamoasiga xizmat ko‘rsatgan va uni xitoylik musulmon Abdul Majid, uning rafiqasi hamda afg‘onistonlik hamkori Abdul Jabbor Mahmud birgalikda boshqargan. Hozircha portlash sababi rasman aniqlanmagan va tergov davom etmoqda.
Voqea yuzasidan ISHIDning Afg‘onistondagi bo‘limi bayonot berib, hujumni xudkush terrorchi amalga oshirganini ma’lum qilgan.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Go Szyakunning aytishicha, portlash oqibatida besh nafar Xitoy fuqarosi jarohat olgan. Pekin Afg‘oniston hukumatidan jarohatlanganlarni davolash, fuqarolari va investitsiyalarining xavfsizligini ta’minlash hamda voqea yuzasidan to‘liq tergov o‘tkazishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistondagi “Gul Plaza” savdo markazida kuchli yong‘in sodir bo‘lgan edi. Hodisa oqibatida kamida 14 kishi halok bo‘lgan. Sodir bo‘lgan fojia tafsilotlari bo‘yicha tergov ishlari olib borilmoqda.