Aksiyaga ozish: ayollar hayotiga tahdid

Tahlil

Davrimizga kelib, ortiqcha vazndan qutulish shu darajada jiddiy masalaga aylanganki, ko‘pchilik jonini tavakkalda qoldirib, o‘zini jarroh pichog‘iga topshirmoqda. Oqibatda, sog‘lig‘idan, yoyingki, jonidan ayrilganlar ham talaygina. Buni o‘zingiz ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘rib, guvoh bo‘lib turibsiz.

Qorin jarrohlik amaliyotlari, yog‘ oldirish va oshqozon kestirish kabi sog‘lik va cho‘ntakka zarar keltiruvchi holatlar – masalaning bir tomoni, xolos. Bugun tanganing biz ko‘tarmoqchi bo‘lgan tomonida ozishning tibbiy va moddiy jihatidan tashqari, qonuniy javobgarlik keltirib chiqaruvchi holatlari ham aks etadi va undan juda ko‘pchilik, balki siz ham foydalanasiz.

Gap shundaki, o‘zbekistonliklar, ayniqsa, ayollar vazn tashlash maqsadida iste’mol qilayotgan biofaol qo‘shimcha va qahvalar tarkibida mamlakat hududida muomalasi maxsus nazoratga olingan moddalar, xususan, sibutramin mavjud. Nojo‘ya ta’sirlari oqibatida ko‘pgina davlatlarda taqiqlangan mazkur modda muomalasi dunyo bo‘ylab yildan yilga oshib bormoqda.

O‘zbekiston aholisining 28 foizi ortiqcha vaznga ega va buning 31 foizidan ko‘prog‘ini ayollar tashkil qiladi. Mamlakat bu borada mintaqada yetakchi. Tanadagi yog‘lardan oson va arzon qutulishni istagan o‘zbekistonliklar o‘zlari bilmagan holda taqiqlangan modda muomalasiga aralashib qolib, qonuniy jazolarga tortilmoqda. Ammo na iloj?! Qonunni bilmaslik jazodan ozod qilmaydi. Agar bu biofaol qo‘shimcha va ichimliklar faqat qonun oldidagi javobgarlik bilan cheklansa-ku, mayli. Ammo ular salomatligimizda ham o‘chirib bo‘lmas dog‘ qoldirishi mumkin.

Xo‘sh, qaysi qonun va qonunosti hujjatlari mazkur modda – sibutramin iste’molini cheklaydi?

2018-2019 yillarda O‘zbekiston hududida kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy va notibbiy iste’moli keskin oshib, huquqni muhofaza qilish va sog‘liqni saqlash tizimida vaziyatni yomonlashtirdi. Shunday qilib, 2019 yilning 6 sentyabrida “Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, kuchli ta’sir etuvchi moddalar nazoratining kuchaytirilishi, ularning faqatgina retsept asosida psixotrop moddalari mavjud dorixonalarda sotilishi va hisobi yuritilishi, retseptlarning esa bir yil davomida saqlab qo‘yilishi belgilandi. Shuningdek, qarorga muvofiq, o‘sha yilning 27 sentyabrida Vazirlar Mahkamasining 818-sonli qarori bilan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxati shakllantirildi.

2024 yilning oktyabrida esa mazkur moddalarni tibbiyot amaliyotida qo‘llash, saqlash, noqonuniy muomalasini cheklash, jismoniy shaxslar tomonidan foydalanish hamda ularni yo‘q qilish tartiblarini belgilash zarurati tufayli Vazirlar Mahkamasining 632-sonli qarori qabul qilindi va 6 moddadan iborat alohida ro‘yxat shakllantirilib, ularning muomalasi psixotrop moddalarinikiga tenglashtirildi. Ushbu ro‘yxatdan biz gaplashayotgan sibutramin ham joy olgan.

Sibutramin o‘zi nima?

Sibutramin ishtahani bostiruvchi preparat bo‘lib, 2010 yilgacha semizlikni davolash uchun parhez va jismoniy mashqlar bilan birgalikda qo‘llanilgan. Biroq uning yurak-qon tomir kasalliklari va insult bilan bog‘liqligi aniqlangach, dunyoning ko‘pgina davlatlarida mazkur modda erkin bozordan chiqarib tashlangan.

Sibutramin iste’moli oqibatida og‘iz qurishi, paradoksal ravishda ishtahaning oshishi, ko‘ngil aynishi va g‘alati ta’m sezish, qorin og‘rig‘i va qabziyat, uyqusizlik, bosh aylanishi va bosh og‘rig‘i, yuz qizarishi yoki mushak og‘rig‘i sodir bo‘ladi.

Shuningdek, bir qancha kam uchraydigan, ammo jiddiy nojo‘ya ta’sirlar ham mavjud. Bunga yurak ritmi buzilishi, qo‘zg‘alish, bezovtalik, chalkashlik, depressiya va o‘z joniga qasd qilish fikri kabi ruhiy o‘zgarishlarni misol qilib keltirish mumkin.

Tutqanoq, g‘ayritabiiy ko‘karishlar, qon ketish va qon qusish, sariqlik, isitma, yarim falajlik, ko‘rish qobiliyatining yomonlashuvi, nafas siqilishi va shish kabilar esa kechiktirib bo‘lmas tez yordam ko‘rsatilishi shart bo‘lgan holatlardir.

Alohida ta’kidlash lozim bo‘lgan yana bir jihat shundaki, ayollar o‘rtasida mashhur bo‘lgan bir qancha ozdiruvchi qo‘shimchalar qadog‘ida tarkibida sibutramin moddasi mavjud ekani ko‘rsatilmaydi.

Taqiqlangan ozdiruvchi vositalar, tarkibida aynan sibutramin bo‘lgan dori yoki ichimlik kukunlari O‘zbekistonga qanday kirib kelib, emin-erkin sotilyapti?

Bojxona qo‘mitasi tomonidan mamlakatga kirib kelayotgani aniqlangan psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi modda miqdori 2023 yilda 650 ming dona bo‘lsa, 2024 yilda 577 ming donani tashkil etgan. 2025 yilning dastlabki 4 oyida esa 79 kg psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi modda fosh etilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning xos davriga nisbatan 46 foizga ko‘p demakdir.

Qo‘mitaning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, 2024 yilda 554 ming 63 dona; 2025 yilning o‘tgan davrida esa 9 ming 442 dona tarkibida sibutramin moddasi mavjud bo‘lgan kukun, tabletka yoki kapsulalarning noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.

Bular aniqlangan holatlar, ammo aniqlanmaganlari-chi?! Oshib borayotgan raqamlar o‘sib borayotgan talabni anglatadi.

Ijtimoiy tarmoq degan balo chiqdiki, uning foydasini anglamaganlar zarariga ko‘proq yo‘liqadi. Odamlar o‘z hayotidan, turmushidan, oilasi va ro‘zg‘oridan, oxir-oqibat tashqi ko‘rinishidan ham rozilikni unutdi.

Oqibatda, ortiqcha vazndan qutulish uchun o‘tkaziladigan operatsiyalar soni ortib bormoqda. Xalqaro semizlik va metabolik kasalliklar jarrohligi federatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har yili yarim milliondan ko‘proq bariatrik, ya’ni semizlik bilan bog‘liq operatsiyalar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekistonda ham ozdirish operatsiyalari va taklif beruvchi klinikalar soni oshib bormoqda. Masalan, 2023 yilda ortiqcha vazn bilan bog‘liq 700 dan ortiq jarrohlik amaliyoti amalga oshirilgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib, bu raqam mingdan ortdi.

Ozdiruvchi operatsiyalar

Operatsiyalar asosan, oshqozonni kesish yoki oshqozonni kesmasdan uning bir qismini ichak bilan bog‘lash amaliyotlariga qaratilgan. Kutilganidek, bemorlarning asosiy qismi ayollardan iborat.

Soatlab ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish doimiy harakatsizlikka olib kelgani yetmagandek, o‘z ustida ishlamaslik, sog‘lom turmush tarziga amal qilmaslik, sport bilan shug‘ullanishga nisbatan erinchoqlik, yo vazndan operatsiya bilan qutulish, yo zarari foydasidan ko‘p vositalarni iste’mol qilishga olib kelmoqda.

Tadqiqotlarga ko‘ra, inson tana vaznining ortishiga bir nechta omillar sabab bo‘ladi, ularning ayrimlari biologik, ba’zilari esa psixologik va ijtimoiy faktorlardir. Ularning orasida eng keng tarqalgan sabab shuki, ko‘p kaloriya qabul qilib, kam energiya chiqargan organizm yog‘ yig‘adi. Qachonki, kishining iste’mol qilayotgani, sarflayotganidan oshsa, u shubhasiz semiradi.

Ma’lum-noma’lum qo‘shimchalarni qabul qilish esa biz kutmagan asoratlarni keltirishi mumkin.

Vazn tashlash uni yig‘ishdan ancha qiyin bo‘lsa ham, bu yo‘lda eng sog‘lom usuldan foydalanish lozim. Kasalni davolagandan ko‘ra, uning oldini olish osonroq. Sog‘liq va huquqiy mas’uliyatingizga befarq bo‘lmang. QALAMPIR.UZ bilan bo‘ling.


Maqola muallifi

Teglar

ozish sibutramin oshqozon kesish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing