Qozog‘iston aholisi ko‘paydi
Olam
−
02 dekabr 11763 2 daqiqa
2025 yil 1 noyabr holatiga ko‘ra, Qozog‘istonning umumiy aholisi qariyb 20,5 million kishiga yetdi. Bu haqda mamlakat Milliy statistika byurosi xabar berdi.
Yil boshidan buyon aholining o‘sishi 0,9 foizni tashkil etgan, bu esa 180,7 ming kishiga teng.
Aholining ko‘payishi, asosan, tabiiy o‘sish hisobiga yuz bergan. Yil boshidan beri mamlakatda 168,5 ming kishi tug‘ilgan. Qozog‘istonga ko‘chib kelganlar esa atigi 12,2 ming kishini tashkil etgan.
Eng tez o‘sayotgan hudud – Ostona. 10 oy ichida aholi soni birdaniga 6,1 foizga oshib, 1,5 million kishiga yetgan. O‘sishning asosiy qismi migratsiya hisobiga bo‘lgan – jami o‘sishning 81,5 foizi. Yil boshidan beri Ostonaga 76 mingdan ortiq kishi ko‘chib kelgan.
Olmaotada aholi 2,17 foizga o‘sgan, natijada shahar aholisi qariyb 3 million kishiga yetgan. O‘sishning katta qismi yana migratsiya hisobiga (33 mingdan ortiq kishi) to‘g‘ri keladi.
Chimkent aholisi 2,62 foizga oshib, 1,3 million kishiga yetgan. Bunda o‘sishning asosiy omili tabiiy ko‘payish bo‘lgan.
Aholisi kamaygan hududlar esa bir yo‘la o‘n ikkita bo‘lgan. Bu ro‘yxatga Abay, Yettisuv va Ulytau viloyatlari, shuningdek, G‘arbiy Qozog‘iston, Jambul, Qarag‘anda, Qo‘stanay, Qizilo‘rda, Pavlodar, Shimoliy Qozog‘iston, Turkiston va Sharqiy Qozog‘iston viloyatlari kiritilgan.
Eng katta kamayish Shimoliy Qozog‘istonda kuzatilgan – 1,29 foizga. Abay viloyatida ham aholining 1 foizdan ko‘prog‘i kamaygan. Bunga asosiy sabab sifatida qozog‘istonliklarning ushbu hududlardan faol ravishda boshqa joylarga ko‘chib ketayotgani ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda aholi soni 38 mln 069,1 ming kishiga yetgandi.
Live
Barchasi