Qozog‘istonda bolalarga ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanishi mumkin
Olam
−
04 dekabr 762 1 daqiqa
Qozog‘istonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishini taqiqlash ko‘zda tutilgan qonun loyihasi tayyorlandi. Bu haqda “Tengrinews.kz” xabar berdi.
Tashabbus “Ochiq NPA” portalida e’lon qilingan “Onlayn platformalar va ommaviy axborot vositalari masalalari bo‘yicha ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida bayon qilingan. Hujjatni Madaniyat va axborot vazirligi ishlab chiqqan.
Asosiy norma “Onlayn platformalar va onlayn reklama to‘g‘risida”gi qonunning yangi 10-1-moddasida keltirilgan. Unda 16 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilarning onlayn platformalarda ro‘yxatdan o‘tishi taqiqlanishi aniq ko‘rsatilgan. Istisno sifatida faqat tezkor xabar almashish xizmatlarida ro‘yxatdan o‘tish ruxsat etiladi.
Shu tariqa 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar videoxostinglar, ijtimoiy tarmoqlar va kontent platformalarida akkaunt ocholmaydi. Istisno – messenjerlar. Izoh xatida aytilishicha, ushbu tashabbusning maqsadi – onlayn platformalarda tarqaladigan zararli va noqonuniy kontentdan bolalarni himoya qilish.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda jamoat joylarida niqob, burqa va paranji kiyganlar jarimaga tortilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Bu qonun jamoat joylarida yuzni yopuvchi kiyim kiyganlik uchun javobgarlikni belgilaydi.
Live
Barchasi