Qozog‘istonda aholiga bayroqdan erkin foydalanish huquqi berilyapti
Olam
−
09 aprel 1853 3 daqiqa
Qozog‘istonda davlat bayrog‘ini aholi uylari, xususan balkonlarga osishga ruxsat berilmoqda. Ushbu yangi qoida aks etgan “Qozog‘iston Respublikasining davlat bayrog‘i, davlat gerbi va ularning tasvirlaridan, shuningdek, Qozog‘iston Respublikasi davlat madhiyasi matnidan foydalanish (o‘rnatish, joylashtirish) qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun loyihasi xalq muhokamasiga qo‘yildi.
Madaniyat va axborot vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan yangi qonun loyihasi bilan 2007 yil 2 oktyabrda qabul qilingan qarorga o‘zgartirish kiritish ko‘zda tutilayotgan bo‘lib, unga ko‘ra, endilikda jismoniy va yuridik shaxslar vatanparvarlik tuyg‘ularini, Qozog‘iston o‘ziga xosligini ifodalash, mamlakat va uning fuqarolari yutuqlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qozog‘iston Respublikasi davlat bayrog‘idan binolarda (turar joy va noturar joylarda), jumladan, balkonlarda va tantanali tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Loyihadan maqsad – Qozog‘iston vatanparvarligini shakllantirish ishida davlat ramzlaridan foydalanish tizimini yangilash.
Yangi o‘rnatilayotgan qoidalarga ko‘ra, Qozog‘iston Respublikasi davlat bayrog‘i 45 daraja burchak ostida o‘rnatilishi (joylashtirilishi) mumkin. Davlat bayrog‘i, o‘lchamidan qat’i nazar, milliy standartga mos kelishi shart.
Jismoniy va yuridik shaxslarga Qozog‘iston Respublikasi davlat bayrog‘idan milliy standart talablarini buzgan holda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Jismoniy va yuridik shaxslar davlat bayrog‘idan tahqirlash predmeti sifatida foydalanishi mumkin emas. Shuningdek, yakka tartibdagi uy-joylarga o‘rnatilgan davlat bayrog‘i kamida uch metr balandlikda bo‘lishi kerakligiga aniqlik kiritildi.
“Tungi vaqtda yoritish majburiy emas. Davlat bayrog‘i yerga, suvga yoki polga tegmasligi lozim. Uni kiyim-kechak, parda, choyshab sifatida yoki reklama maqsadlarida ishlatish taqiqlanadi.
Agar davlat bayrog‘i vertikal o‘rnatilsa, milliy naqsh yuqori qismda joylashishi kerak. Fuqarolarga davlat bayrog‘idan (odatda, sport tadbirlari kabi alohida holatlarda) foydalanishga ruxsat beriladi, biroq undan ruxsatsiz tijoriy maqsadlarda foydalanish man etiladi”, deyiladi hujjatda.
Shuningdek, davlat bayrog‘ining ramziy ma’nosiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan shikastlangan, eskirgan, yamoq solingan, teshilgan, ifloslangan, rangi o‘chgan yoki g‘ijimlangan holatda undan foydalanmaslik kerak.
Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘istonda aholining o‘z uylarida yoki shaxsiy maqsadlarda davlat bayrog‘ini osib qo‘yishi cheklangan edi. Davlat bayrog‘i faqat davlat organlari binolarida, xalqaro tadbirlarda yoki rasmiy marosimlarda o‘rnatilardi. Bayroqdan jismoniy shaxslar tomonidan foydalanilishi “davlat ramzlarini tahqirlash” yoki “noqonuniy foydalanish” sifatida talqin qilinishi mumkin edi. Bayroqning tasvirini shaxsiy buyumlarga tushirish yoki uy devorlariga osish uchun alohida ruxsat yo‘q, bu esa ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lardi.
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev davlat bayrog‘idan foydalanish qoidalarini qayta ko‘rib chiqish va fuqarolarga uni uylariga osishga ruxsat berish bo‘yicha topshiriq berdi. 2020 yil 27 noyabr kuni Hukumatning 2007 yildagi 873-sonli qaroriga o‘zgartirishlar kiritildi.
2020 yildagi o‘zgartirishlar asosan hukumat qarori darajasida (ijro etuvchi hokimiyat) amalga oshirilgan edi. Biroq, amaliyotda fuqarolarning bayroqdan foydalanishi va uning tahqirlanishi o‘rtasidagi chegara juda nozik bo‘lib qoldi. Masalan, bayroqni balkonga osishda uning mahkamlanish usuli yoki eskirgan bayroqni utilizatsiya qilish tartibi aniq belgilanmagan edi.
Yangi loyiha “tahqirlash” tushunchasiga aniqroq ta’rif berish va fuqarolarni tasodifiy jarimalardan himoya qilishga qaratilgan.
Live
Barchasi