Qozoqcha marketing: Olmaotada bo‘yalgan eshaklar paydo bo‘ldi (video)

Olam

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘istonning Olmaota viloyatidagi Turgen darasida, Asi yassi tog‘ligi tomon yo‘l bo‘ylab zebraga juda o‘xshash ikki hayvon bemalol yurib ketayogani aks etgan video keng tarqaldi. Mamlakat huquq-tartibot idoralari videodagi holatga munosabat bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, videodagi hayvonlar ekzotik zebralar emas, balki oddiy oq eshaklar bo‘lgan. Ularning egasi sayyohlarni mahalliy dam olish hududiga jalb qilish maqsadida eshaklarni xavfsiz bo‘yoq bilan zebra ko‘rinishiga keltirgan. Olmaota viloyati politsiya departamentining ma’lum qilishicha, hayvonlar egasining shaxsi aniqlangan.

“Hayvonlarning hayoti va sog‘lig‘i yaxshi. Politsiya xodimlari voqeaga huquqiy baho berish va hayvonlarga munosabat qoidalariga rioya etilganini tekshirish maqsadida o‘rganish ishlarini olib bormoqda”, deyiladi idora izohida.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu voqeaga turlicha munosabat bildirgan. Ayrimlar mijoz jalb qilishning bunday usulini tanqid qilgan.

“Bu kimning hayoliga keldi o‘zi? Bu hayvonlar uchun xavfli bo‘lishi mumkin. Bo‘yoq zaharli bo‘lishi ehtimoldan xoli emas va ular uzoq vaqt shu holatda yurishga majbur, endi”, deb yozgan Threads tarmog‘idagi foydalanuvchilardan biri.

Boshqalar esa vaziyatga hazil va kinoya bilan yondashgan.

“Bu shunchaki qamoqdan qochib ketgan eshaklar ekan”, deydi tarmoq foydalanuvchilaridan biri.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Markaziy Osiyoda ilk bor uchar taksini sinovdan o‘tkazgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston eshak zebra marketing

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing