Qozog‘istonda folbinlarga talab keskin oshib ketdi
Olam
−
11 iyul 11529 2 daqiqa
O‘tgan yili Qozog‘iston aholisi folbinlar va astrologlar xizmatiga deyarli 3 milliard tenge (5,7 mln dollar) sarflagan. Ushbu ko‘rsatkich avvalgi yilga nisbatan 75 barobar ko‘p. Bu haqda “Nur.kz” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Qozog‘istonda g‘ayritabiiy hodisalarga qiziqish kuchaymoqda. Folbinlar, astrologlar va ekstrasenslarga bo‘lgan talab aholida sezilarli darajada ortgan. “Finprom” portaliga ko‘ra, bu soha xizmatlari hajmi bir yil ichida 75 barobarga oshgan.
Qonuniy faoliyat yuritayotgan folbin va bashoratchilar o‘tgan yili jami 2,9 milliard tengelik soliq to‘lagan. Taqqoslash uchun, 2023 yilda bu ko‘rsatkich atigi 39,5 million tengeni tashkil qilgan.
Bu summaning katta qismi – 2,7 milliard tenge folbinlar, numerologlar va astrologlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ekstrasenslar esa 225,7 million tenge ishlab topgan, bu ham o‘tgan yildagiga qaraganda bir necha barobar ko‘p.
Real raqamlar esa bundan ham ancha yuqori bo‘lishi mumkin, chunki ko‘plab “mutaxassislar” norasmiy ishlaydi. Ular yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan va soliq to‘lamaydi.
Tahlilchilarning ma’lumotiga ko‘ra, ko‘rsatilgan xizmatlarning umumiy summasining faqat yarmi oddiy aholi tomonidan to‘langan. Qolgan 1,4 milliard tenge esa tashkilotlar va boshqa manbalardan kelgan. Bunday holat avvalgi yillarda qayd etilmagan.
Narxlar mijoz qaysi g‘ayritabiiy xizmatni istashiga qarab farqlanadi. Masalan:
- Oddiy karta folida o‘rtacha narx – 3 ming tenge;
- Tarot kartalari bilan maslahat – 5 mingdan 15 ming tengegacha;
- Jodudan yoki “salbiy energiyadan” himoya qilish – 30 ming tenge atrofida;
- “Qarzlardan himoya qilish” xizmati – 45 ming tenge;
- “Taqdir matritsasi”ni to‘liq tahlil qilish – 200 ming tenge atrofida turadi;
- Turmush o‘rtog‘ini “qaytarish” – 500 ming tenge;
- “Biznesni yurg‘izish” marosimi – 400 ming tenge;
- Turli “halokatli marosimlar” – 1 million tengedan boshlanadi.
“Ko‘pincha bu xizmatlar zararli bo‘lmasa-da, odamlar yolg‘onchi firibgarlarga duch kelish xavfi mavjud. Ular nafaqat kerakli yordamni bermaydi, balki mijozlaridan pulni aldov yo‘li bilan olib ketadi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda folbinlikka ruxsat etilgan, lekin rasmiy nazorat ostida. Faqat bu xizmatni ko‘rsatuvchilar tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, qonun doirasida ishlashi kerak. Firibgarlik yoki zarar yetkazilgan hollarda esa qonuniy javobgarlik mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon topshirig‘iga binoan va Ichki ishlar organlari tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida mamlakatda folbinlik va sehrgarlik bilan shug‘ullangan 1500 kishi qo‘lga olingani, shuningdek, fanatizmda ayblangan 5000 dan ortiq “savodsiz mulla” ichki ishlar organlari nazoratiga olingani xabar qilingandi.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr