Qozog‘istonda ichida 54 o‘zbekistonlik bo‘lgan avtobus YTHga uchradi
3-sahifa
−
01 dekabr 7258 2 daqiqa
Kecha, 30 noyabr kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida ichida 54 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan yo‘lovchi avtobusi yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Aqtau shahridagi Bosh konsulligi xabar berdi.
Qozog‘iston Respublikasining vakolatli idoralari ma’lumotiga ko‘ra, soat 21:00 da “Rossiya Federatsiyasi – Aqto‘be – Qizilo‘rda – Olmaota” respublika ahamiyatiga ega avtomobil yo‘lida “Moskva – Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan, davlat raqami 774BOT13 bo‘lgan VanHool rusumli yo‘lovchi avtobusi yo‘l-transport hodisasiga uchragan.
Hodisa vaqtida avtobusda 54 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan. YTH oqibatida jabrlanuvchi va halok bo‘lganlar yo‘q. Barcha yo‘lovchilar favqulodda vaziyatlar xizmati va politsiya xodimlari tomonidan Aqto‘be viloyati Aytekebi tumani, Qorabutoq qishlog‘idagi masjidga vaqtincha joylashtirilgan. Fuqarolarga oziq-ovqat va zarur yordamlar ko‘rsatilmoqda.
“Fuqarolarni O‘zbekistonga boshqa avtobus orqali tezkor ravishda qaytarish choralari ko‘rilmoqda. Vaziyat O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi va Bosh konsulligi tomonidan to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, Qozog‘iston tomonining mas’ul idoralari bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Qarag‘andi viloyatida 5 nafar o‘zbekistonlik yo‘lovchisi bo‘lgan avtobusda yong‘in chiqqandi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar bo‘lmagan.
Live
Barchasi