Qozog‘istonda virus avj oldi. Ko‘plab maktablar yopildi
Olam
−
20 noyabr 8360 2 daqiqa
Qozog‘istonda o‘tgan haftada 183 ming kishi virusli infeksiya (ORVI) bilan kasallandi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vaziri Oqmaral Alnazarova kecha, 19 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishida so‘z ochdi.
Unga ko‘ra, shu haftadagi kasallanish darajasi avvalgi epidemiya mavsumidagi ko‘rsatkichga nisbatan 16 foizga oshgan.
“Bu yil grippning tarqalishi 41-haftada, ya’ni oktyabr oyining birinchi yarmida aniqlandi. Bu o‘tgan epidemiya mavsumidan biroz oldinroq sodir blgan edi. Qozog‘istonda ilgari tarqalmagan yangi gripp turlari aniqlanmagan. ORVI va gripp alomatlari bo‘lgan bemorlar ham gripp bo‘lmagan viruslarga tekshiriladi. Respublikada rinovirus, parainflyuensa, adenovirus, bokavirus, koronavirus, RS virusi va metapnevmovirus tarqalib ketgan”, degan vazir.
1 sentyabrdan beri Qozog‘istonda 1,4 million o‘tkir respirator virusli infeksiya holatlari qayd etilgan, bu avvalgi 2024-2025 epidemiya mavsumining shu davriga nisbatan 20 foizga kam. Ushbu holatlarning 66 foizini 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etadi.
Qozog‘istonda bolalar va homilador ayollar uchun alohida xavf tug‘diradigan Gonkong grippi shtammi ham aniqlangan. Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologiya nazorati qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, kuz-qish mavsumi boshidan beri mamlakatda qariyb 600 ta shunday holat qayd etilgan.
Sharqiy Qozog‘iston, Abay va Qo‘stanay viloyatlaridagi maktablar o‘quvchilar sonining ko‘payishi va o‘tkir respirator virusli infeksiyalarning oldini olish chorasi sifatida masofaviy ta’limni joriy etmoqda.
Sharqiy Qozog‘istonda 23 ta umumta’lim maktabining 169 ta sinfidan 3015 nafar o‘quvchi vaqtincha uyda o‘qishni boshlagan. Masofaviy ta’lim o‘quvchilarning 30 foizdan ortig‘i sog‘liqni saqlash sabablari tufayli darsga kela olmaydigan sinflarda tashkil etilgan.
OAVning xabar berishicha, Abay viloyatida epidemiologik shtab yig‘ilishidan so‘ng, ba’zi maktab o‘quvchilarini masofaviy ta’limga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Talgat Moldabekovga ko‘ra, o‘quv yili boshidan beri 5558 o‘quvchi o‘tkir respirator virusli infeksiyalar bilan kasallangan, bu umumiy holatlarning 17,2 foizni tashkil qiladi. Shuningdek, mintaqada grippning 25 holati qayd etilgan.
“Umumta’lim tashkilotlarida aralash ta’limga o‘tish amalga oshirilmoqda, bitta sinfdagi o‘quvchilarning 20 dan 30 foizgacha ORVI tashxisi qo‘yilgan”, deyiladi bayonotda.
Masofaviy ta’limga o‘tkazilgan sinflarning aniq soni ko‘rsatilmagan.
Qo‘stanay viloyatidagi ikkita shaharda ham maktab o‘quvchilari kasallik tufayli masofaviy ta’limga o‘tkazilgan. Qo‘stanay tumanida jami 72 ta sinfda kunduzgi darslar bekor qilingan.
Bosh vazir O‘ljas Bektenov Sog‘liqni saqlash vazirligi va mahalliy hokimiyat organlariga tibbiy yordam sifatini qat’iy nazorat qilishni ta’minlashni buyurgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr