Qozog‘iston Konstitutsiyasi matnining 80 foizdan ortig‘i qayta yoziladi
Olam
−
29 yanvar 1182 2 daqiqa
Qozog‘iston Konstitutsiyasi matnining 84 foizi qayta yoziladi, tuzatishlar esa 77 ta moddani qamrab oladi. Bu haqda kecha, 28 yanvar kuni konstitutsiyaviy komissiya yig‘ilishida Konstitutsiyaviy sud raisining o‘rinbosari Baxit Nurmuxanov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, yangilangan Konstitutsiya loyihasida muqaddima, 11 ta bo‘lim va 104 ta modda mavjud. Ikki yangi bo‘lim – “Xalq Kengashi” hamda “Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish” bo‘limlari kiritilgan. Yana to‘rtta bo‘lim qayta nomlangan. Umuman olganda, asosiy qonunning barcha bo‘limlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lib, tuzatishlar 77 ta moddani qamrab oladi, bu esa Konstitutsiya matnining 84 foizini tashkil etadi.
Nurmuxanovning so‘zlariga ko‘ra, mazkur loyiha Qozog‘iston konstitutsiyaviy tuzilmasining “asosiy poydevori”ga taalluqli bo‘lib, Konstitutsiyaning mazmunini tubdan o‘zgartiradi va keyingi institutsional hamda tarkibiy islohotlar uchun ulkan salohiyatni o‘zida mujassam etadi. Xususan, inson va fuqaroning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini amalga oshirish hamda himoya qilish kafolatlari kuchaytiriladi, prezidentlik boshqaruv shakli saqlanib qolgan holda esa yagona davlat hokimiyatini tashkil etish tizimi sezilarli darajada o‘zgartiriladi.
Konstitutsiyaviy sud raisining o‘rinbosari asosiy o‘zgarishlar qatorida bir palatali parlamentning yangi modelini joriy etish, fuqarolarning davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish shakllarini kengaytirish, huquqni himoya qilish mexanizmlari samaradorligini oshirish hamda Konstitutsiya asosida huquq ustuvorligini ta’minlashda Konstitutsiyaviy sud faoliyatini kuchaytirishni qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “Konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha komissiya (Konstitutsiyaviy komissiya) tuzish to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani haqida xabar berilgan edi.
Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar:
1998 yilda – prezident va parlament deputatlarining vakolat muddatlari uzaytirildi. 2007 yil – proporsional saylov tizimiga o‘tildi va Birinchi Prezidentga cheksiz marta saylanish huquqi berildi. 2011 yil – muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish tartibi belgilandi. 2017 yil – ayrim prezidentlik vakolatlari parlament va hukumatga o‘tkazildi. 2019 yil – poytaxt nomi Nur-Sulton deb o‘zgartirilishi munosabati bilan tuzatish kiritildi. 2022 yil – umumxalq referendumi orqali Konstitutsiyaning uchdan bir qismi (33 ta modda) o‘zgartirildi. Prezidentlik muddati 7 yil – bir martalik etib belgilandi.
Live
Barchasi