Qozog‘istonning amaldagi parlamenti vakolatlari qachon tugashi aytildi
Olam
−
12 fevral 436 3 daqiqa
Joriy yilning 15 mart kuni referendumga qo‘yiladigan yangi Konstitutsiya loyihasiga ko‘ra, amaldagi Konstitutsiya asosida shakllantirilgan Qozog‘iston parlamenti 2026 yil 1 iyuldan o‘z vakolatlarini tugatadi. Bu yangi asosiy qonun loyihasining 95-moddasida belgilangan.
Loyihada aytilishicha, Qurultoyga saylovlar Konstitutsiya kuchga kirgan kundan boshlab bir oy ichida Prezident tomonidan e’lon qilinishi va ikki oy ichida o‘tkazilishi kerak.
94-moddaga muvofiq, referendumda qabul qilingan yangi Konstitutsiya 2026 yil 1 iyuldan kuchga kiradi. Amaldagi Konstitutsiya ham shu kundan o‘z kuchini yo‘qotadi. Yangi Konstitutsiya qabul qilingan kun Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni sifatida davlat bayrami deb e’lon qilinadi.
Shuningdek, birinchi chaqiriq Qurultoyning ilk sessiyasi ochilgan kundan boshlab ikki oy ichida Prezident deputatlar roziligi bilan vitse-prezidentni tayinlashi kerak. Xuddi shu muddatda Konstitutsiya sudi raisi va sudyalari, Markaziy saylov komissiyasi raisi va a’zolari, Oliy auditorlik palatasi raisi va a’zolari tayinlanadi.
Yangi tarkib shakllangunga qadar 1995 yil 30 avgustdagi Konstitutsiyaga muvofiq tayinlangan Konstitutsiya sudi raisi va sudyalari, Markaziy saylov komissiyasi raisi va a’zolari hamda Oliy auditorlik palatasi raisi va a’zolari o‘z vakolatlarini saqlab qoladi.
Oliy sud raisi, Milliy bank raisi, bosh prokuror, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi, Oliy sudyalar kengashi raisi, Inson huquqlari bo‘yicha vakil ham Konstitutsiya kuchga kirgan kundan boshlab ikki oy ichida tayinlanishi lozim.
1995 yil 30 avgustdagi Konstitutsiya asosida saylangan yoki tayinlangan Oliy sud, mahalliy va boshqa sudlar sudyalari, maslihatlar deputatlari va boshqa mansabdor shaxslar esa Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha vakolatlari tugaguniga qadar o‘z lavozimlarida qoladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning yangi konstitutsiyasi loyihasida so‘z erkinligi va axborot tarqatish erkinligi boshqa shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatiga, shuningdek, fuqarolarning sog‘lig‘iga daxl qilmasligi kerakligi belgilangani haqida xabar berilgan edi.
Kecha, 11 fevral kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 2026 yil 15 mart kuni mamlakatda yangi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha umumxalq referendumini o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Qozog‘iston Konstitutsiyasi matnining 84 foizi qayta yoziladi, tuzatishlar esa 77 ta moddani qamrab oladi.
Joriy yilning 20 yanvar kuni Qizilo‘rdada bo‘lib o‘tgan Milliy qurultoyning V yig‘ilishida Prezident To‘qayev mamlakat bir palatali parlament tizimiga qaytishi va u Qurultoy deb nomlanishi, vitse-prezident lavozimi tiklanishi, davlat maslahatchilari lavozimi tugatilishi, shuningdek, Konstitutsiyaga qator o‘zgartirishlar kiritilishini aytgan edi.
Ma’lumot uchun, Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi bugungacha 6 marta o‘zgargan va so‘nggi o‘zgarish 2022 yilda bo‘lgan edi.
Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar:
1998 yilda – prezident va parlament deputatlarining vakolat muddatlari uzaytirildi. 2007 yil – proporsional saylov tizimiga o‘tildi va Birinchi Prezidentga cheksiz marta saylanish huquqi berildi. 2011 yil – muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish tartibi belgilandi. 2017 yil – ayrim prezidentlik vakolatlari parlament va hukumatga o‘tkazildi. 2019 yil – poytaxt nomi Nur-Sulton deb o‘zgartirilishi munosabati bilan tuzatish kiritildi. 2022 yil – umumxalq referendumi orqali Konstitutsiyaning uchdan bir qismi (33 ta modda) o‘zgartirildi. Prezidentlik muddati 7 yil – bir martalik etib belgilandi.
Live
Barchasi