Qo‘qonda ommaviy tartibsizlik bo‘layotgani haqida xabar tarqatganlar qamaldi (video)
Jamiyat
−
03 yanvar 7239 2 daqiqa
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida ommaviy tartibsizlik bo‘lgani, mashina yoqib yuborilgani haqida xabarlar tarqalib, ushbu xabarlar viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan rad etilgandi.
Yangi yil bayrami kuni pirotexnika vositalaridan foydalanib, mazkur holat bo‘yicha asossiz axborot tarqatgan shaxslar 10 sutkaga ma’muriy qamoqqa olindi. Bu haqda Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2025 yil 31 dekabr kuni Qo‘qon shahar Sharqiy ko‘chasida shu hududda yashovchi ayrim fuqarolar Yangi yil bayramini nishonlash maqsadida yo‘lning qatnov qismiga chiqib, pirotexnika vositalaridan foydalanib, ijtimoiy tarmoqlarga yolg‘on xabar tarqatgan.
Olib borilgan tekshiruvlar davomida aniqlanishicha, shu kuni Sharqiy ko‘chasida fuqarolar Yangi yil archasi bayram tadbiridan so‘ng uylariga qaytib ketayotgan paytda to‘rt nafar shaxs yo‘lning qatnov qismida pirotexnika vositalarini jamoatchilik tartiblarini buzgan holda ishlatgan va aholining tinchligini buzgan.
“Pirotexnika vositalari portlayotgan paytda baqir-chaqir qilib, aholining tinchligini buzganim uchun qilgan ishimdan pushaymonman. Tengdoshlarimga ham bu kabi harakatlarni takrorlamaslikni tavsiya qilaman”, deydi huquqbuzarlardan biri.
Shuningdek, mazkur fuqarolar voqea jarayonini qo‘l telefoniga tasvirga olish vaqtida yolg‘on ma’lumot va sharhlar berib, videoni Instagram sahifasiga joylashtirgan hamda Telegram orqali tanishlariga tarqatgan. Oqibatda ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘qon shahrida go‘yoki ommaviy tartibsizliklar sodir bo‘lgani haqida asossiz xabarlar tarqalib, fuqarolar orasida xavotir uyg‘otgan.
“Hodisa vaqtida xizmatda bo‘lgan xodimlar va xizmat avtomashinalarini tasvirga olib, sahifamga joyladim. Bu videolar keng muhokamalarga sabab bo‘lgach, ularni tezda o‘chirib tashladim”, deydi boshqa bir huquqbuzar.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida barcha shaxslar aniqlanib, ularga nisbatan Qo‘qon shahar IIB tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-(mayda bezorilik), 185-1-(pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi) va 202-moddalari (yolg‘on axborot tarqatish) asosida hujjatlar rasmiylashtirilib, sudga yuborilgan.
Sud qarori bilan to‘rt nafar shaxsning har biriga 10 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qo‘qonda Yangi yil kechasi mushakbozlik uyushtirgan shaxslar 15 sutkaga qamalgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi