Qo‘llarimiz hamon tepkida – Pezeshkiyon
Olam
−
09 aprel 5403 2 daqiqa
Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Isroil hujumlari oqibatida bombardimon qilinayotgan Livan xalqini qo‘llab quvvatlashini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 9 aprel kuni o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.
“Sionistik rejimning Livanga qarshi yangilangan tajovuzi dastlabki o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini ochiqchasiga buzishdir. Bunday aldamchi harakatlar ularning kelajakda ham muzokara bitimlariga amal qilmasligining havfli belgisidir.
Bu kabi harakatlar davom etaversa, muzokaralarni amalga oshirishdan hech qanday ma’no yo‘q. Qo‘llarimiz hamon tepkida. Eron livanlik qardoshlarini hech qachon yolg‘iz tashlab ketmaydi!” deydi Eron Prezidenti.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 30 mart kuni Qizil Yarim Oy jamiyati AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy operatsiyasi boshlanganidan beri 102 mingdan ortiq fuqarolik ob’ektlari hujumga uchraganini xabar qilgan. Halok bo‘lganlar soni bir haftadan ko‘proq vaqt ichida 1,5 baravarga oshgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq va zudlik bilan ochish evaziga Eronga beriladigan zarbalar ikki haftaga to‘xtatilishini e’lon qilgan edi. Isroil AQSHni qo‘llab-quvvatladi, biroq rasmiylar o‘t ochishni to‘xtatish rejimi Livanga taalluqli emasligini qayd etdi. O‘sha kuni Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) harbiy operatsiya boshlanganidan beri Livandagi “Hizbulloh” infratuzilmasiga qarshi eng yirik hujum yakunlanganini ma’lum qildi. Qo‘shma Shtatlar ham Livan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga kirmasligini bildirdi. Livanga qilingan hujumlardan so‘ng Eron Hormuz bo‘g‘ozini qaytadan yopib qo‘ydi.
Hojiakbar Muhammadjonov
Live
Barchasi