Qurbon hayitida ehtiyojmandlar uchun 690 mlrd so‘m ajratiladi

Jamiyat

image

Qurbon hayiti arafasida O‘zbekistonda ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash, og‘ir xastalikka chalingan bemorlarni davolash hamda masjid va qabristonlarni obod qilish uchun 690 milliard so‘m ajratiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning bugun, 22 may kuni e’lon qilingan “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.

Hujjatga ko‘ra, muborak Qurbon hayiti munosabati bilan davlat tomonidan keng ko‘lamli mehr-saxovat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlari amalga oshiriladi. Xususan, og‘ir va nogironlikka olib keluvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi. Shuningdek, 2,3 ming nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxis qo‘yilgan bemorlar tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, davolanadi hamda operatsiya qilinadi. Kamida 350 nafar bemorda esa jigar va buyrak transplantatsiyasi amalga oshiriladi.

Qarorga asosan, yetim bolalar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, Mehribonlik uylari va “SOS” bolalar mahallasi tarbiyalanuvchilari, Vatan himoyasida halok bo‘lgan harbiylarning farzandlari hamda “ Taskin Children’s Hospice” shifoxonasida davolanayotgan bolalarning omonat hisobvaraqlariga 200 AQSH dollaridan pul mukofoti o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, 500 ta masjidda zamonaviy tahoratxonalar qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari olib boriladi. Joylardagi qabristonlarni obod qilish, muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarni tartibga keltirish bo‘yicha hasharlarga ham start beriladi.

Hujjatda qayd etilishicha, barcha tadbirlar davlat maqsadli jamg‘armalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan «Vaqf» xayriya jamoat fondi orqali moliyalashtiriladi. Tibbiy tekshiruv, operatsiya va davolash xarajatlari Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilaydigan tibbiyot muassasalarida qoplanadi. Donorlar bilan bog‘liq xarajatlar ham davlat tomonidan moliyalashtiriladi.

Qarorga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy kengashlar tashkil etiladi. Ular ehson tadbirlari, obodonlashtirish ishlari va ijtimoiy yordamlarning manzilli yetkazilishini muvofiqlashtiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Qurbon hayiti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing