Shavkat Mirziyoyev Fabio Kannavaroni tabrikladi
Jamiyat
−
18:43 4433 1 daqiqa
Bugun, 22 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan uchrashuvi chog‘ida jamoa murabbiyi Fabio Kannavaroni tabrikladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuv chog‘ida terma jamoa bilan katta tajriba va chempionlik xarakteriga ega Fabio Kannavaro boshchiligidagi murabbiylar shtabi ishlayotgani qayd etilgan.
“Fursatdan foydalanib, Fabio Kannavaroni murabbiy sifatida mundialdagi birinchi ishtiroki bilan tabriklab, murabbiylar shtabiga yangi zafarlar tilayman”, degan Prezident.
Ma’lumot uchun, 2006 yilda Germaniyada o‘tkazilgan mundialda Kannavaro sardorlik qilgan Italiya terma jamoasi jahon chempioni bo‘lgan. O‘sha yili Kannavaro dunyoning eng yaxshi o‘yinchisi deb e’tirof etilgan va futbol tarixida “Oltin to‘p” sohibi bo‘lgan kam sonli himoyachilardan biriga aylangan.
Yangi murabbiy jismoniy tayyorgarlik va hujumchilar bilan ishlaydigan murabbiylarni, shifokor, nutritsiolog va oshpazlarni olib kelgani hamda xalqaro tajribaga ega yaxshi jamoani shakllantirgani ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, uchrashuv davomida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda futbol tizimida korrupsiya va tanish-bilishchilik degan illatlarga barham berilgani haqida gapirgandi.
Live
Barchasi