“Qo‘rqoqlarcha amaliyot”. BAA Eron hujumini keskin qoraladi
Olam
−
28 fevral 9285 3 daqiqa
Bugun, 28 fevral kuni Birlashgan Arab Amirliklari Eron ballistik raketalari tomonidan uyushtirilgan ochiqdan-ochiq hujumga uchradi. Bu haqda BAA Mudofaa vazirligi bayonot e’lon qildi.
Qayd etilishicha, BAA havo mudofaa tizimlari raketalarga qarshi yuqori samaradorlik bilan kurashgan va bir qator raketalarni muvaffaqiyatli tutib qolgan. BAA rasmiylari, shuningdek, turarjoy hududiga tushgan raketa parchalari bilan bog‘liq vaziyatni nazoratga olgan, ushbu hodisa oqibatida moddiy zarar yetgan.
Qulagan parchalar oqibatida bir nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan. Rasmiylar BAAda xavfsizlik holati barqarorligini va barcha tegishli idoralar voqealar rivojini tun-u kun kuzatib borayotganini tasdiqlagan.
Vazirlik ushbu hujumni keskin qoralab, BAA fuqarolik ob’ektlari, inshootlari va milliy muassasalarning nishonga olinishini qat’iyan rad etishini bildirgan. Bunday harakatlar vaziyatning xavfli darajada keskinlashuvi hamda tinch aholi xavfsizligiga tahdid soluvchi va barqarorlikka putur yetkazuvchi qo‘rqoqlarcha qilingan amaliyot ekanligi ta’kidlangan.
Bundan tashqari, vazirlik ushbu hujum milliy suverenitet va xalqaro huquqning ochiqdan-ochiq buzilishi ekanini qayd etgan. BAA ushbu keskinlashuvga javob berish hamda o‘z hududi, fuqarolari va rezidentlarini himoya qilish, suvereniteti, xavfsizligi va barqarorligini saqlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qolishini ma’lum qilgan.
Mudofaa vazirligi har qanday tahdidlarga qarshi turishga to‘liq tayyor ekanini va mamlakat xavfsizligiga putur yetkazishga bo‘lgan har qanday urinishlarga qat’iy zarba berish uchun barcha choralar ko‘rilayotganini bildirgan. Fuqarolar, rezidentlar va mehmonlarning xavfsizligi murosasiz ustuvor vazifa bo‘lib qolishi qo‘shimcha qilingan.
Vazirlik jamoatchilikni faqat rasmiy manbalarga tayanishga, mish-mishlar yoki tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatmaslikka chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Fors ko‘rfazidagi AQSH harbiy infratuzilmasiga yalpi zarba berishga o‘tgani hamda Qatar, Bahrayn, Quvayt va Birlashgan Arab Amirliklaridagi strategik ob’ektlarga bir qator sinxron ballistik zarbalar bergani xabar qilingan edi.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Bugun, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga «immunitet» olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unfda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
Live
Barchasi