Kafedagi portlashda 7 kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
27 fevral 7498 1 daqiqa
Qozog‘istonning Oqmo‘la viloyatida kafe portlashi oqibatida 7 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, bugun, 27 fevralga o‘tar kechasi Shuchinsk shahridagi besh qavatli turar-joy binosiga ulangan kafeda gaz-havo portlashi sodir bo‘lgan.
Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, jami 26 kishi jarohat olgan, ulardan 7 nafari vafot etgan. Qurbonlar orasida 16 yoshli qiz ham bor.13 kishi Burabay tuman kasalxonasiga yotqizilgan. 6 kishi ambulatoriya kuzatuviga qo‘yilgan. Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan qo‘shimcha tibbiy guruhlar tuzilgani aytilgan.
“Barcha zarur resurslar safarbar qilindi. Mutaxassislar, dori-darmonlar va tez tibbiy yordam samolyotlari zarar ko‘rgan hududga yuborildi. Voqea joyida mintaqaviy ishchi guruh ishlamoqda. Hodisa sababi o‘rganilmoqda. Oqmo‘la viloyati hokimligi marhumlarning oilalari va jarohatlanganlarga barcha zarur yordamni ko‘rsatadi”, deyilgan hokimlik bergan xabarda.
Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, asosiy jarohatlar turli darajadagi, maydon va chuqurlikdagi termik kuyishlardir. Bemorlarning ahvoli doimiy tibbiy nazorat ostidaligi aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida gaz-havo aralashmasi chaqnab portlash sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Ushbu hodisa oqibatida 1 kishi halok bo‘lgan.
Live
Barchasi