Olmaotada 10 yildan ortiq hujjatsiz yashagan o‘zbekistonlik ortga qaytarildi (video)
Jamiyat
−
27 fevral 3785 1 daqiqa
Qozog‘istonning Olmaota shahrida o‘zbekistonlik fuqaro 10 yildan ortiq vaqt davomida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz yashab kelgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda shahar politsiya boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 25 fevral kuni shahar hududida o‘tkazilgan profilaktik reyd tadbirlari davomida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz yurgan erkak aniqlangan. U vaqtincha hisbga olingan va shaxsiga aniqlik kiritish ishlari boshlangan.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, erkak o‘zini 50 yoshli O‘zbekiston fuqarosi sifatida tanishtirgan. Uning aytishicha, 2015 yilda Olmaota viloyatidagi bozorlardan birida shaxsiy buyumlari bilan birga pasporti va boshqa hujjatlarini yo‘qotib qo‘ygan. Shundan so‘ng, u og‘ir vaziyatga tushib qolgan va hujjatlarini tiklash imkoniga ega bo‘lmagan. Natijada uzoq yillar davomida norasmiy ishlarda ishlab kelgan.
Mazkur holat yuzasidan Olmaota politsiyasi va O‘zbekiston Respublikasining konsullik xizmati bilan hamkorlikda ish olib borilgan. Diplomatik vakolatxona tomonidan erkakka vatanga qaytish uchun vaqtinchalik hujjat – qaytish guvohnomasi rasmiylashtirib berilgan.
Zarur protseduralar yakunlangach, fuqaro O‘zbekistonga jo‘natilgan. Endi u barcha hujjatlarini tiklash va normal hayot tarziga qaytish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Volgograd viloyatida o‘tkazilgan reyd davomida 34 nafar O‘zbekiston fuqarosi mamlakat hududida noqonuniy yashagani aniqlangandi. Ular kuch ishlatar tizim xodimlari tomonidan o‘rdakcha yurishga majburlangan.
Live
Barchasi