Kamchatkadagi o‘zbekistonliklar ogohlantirildi
Olam
−
30 iyul 8487 2 daqiqa
Rossiya Federatsiyasining Uzoq Sharq federal okrugi hududlarida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Kamchatka o‘lkasida sodir bo‘lgan zilzila sabab ogohlantirildi. O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi (Rossiya) Bosh konsuli bu haqda o‘zining Telegram-kanalida e’lon qildi.
Unga ko‘ra, bugun,30 iyul kuni Rossiya Federatsiyasining Kamchatka o‘lkasi qirg‘oqlariga yaqin joyda joylashgan Tinch okeanida kuchli zilzila qayd etilgan. Zilzila epitsentri Petropavlovsk-Kamchatskiy shahridan 161 km janubi-sharqda, 32 km chuqurlikda joylashgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yer silkinishi magnitudasi 8,7 ballni tashkil etib, 1952 yildan keyin Kamchatka o‘lkasida sodir bo‘lgan yer silkinishlari orasida eng kattasi xisoblanadi. Mutaxassislar yana kamida bir oy davomida qayta sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan kuchli zilzila jarayoni haqida ogohlantirmoqda. Vaziyat Kamchatka o‘lkasining vakolatli xizmat va tashkilotlari tomonidan doimiy nazoratga olingan.
Tinch okeanida sodir bo‘lgan zilziladan so‘ng Kamchatka o‘lkasi va Saxalin viloyatidagi bir qancha aholi punktlari uchun sunami xavfi e’lon qilingan. Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kamchatka o‘lkasi va Saxalin viloyati qirg‘oqlarida istiqomat qiluvchi aholiga suv sathidan balandroq joylarga chiqishni va suvga yaqinlashmaslikni tavsiya qilmoqda.
Kamchatka o‘lkasi Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, zilzila vaqtida jabrlangan mahalliy fuqarolar shifokorlar nazoratida, barcha bemorlarga zaruriy yordamlar ko‘rsatilmoqda, jiddiy jarohat olganlar mavjud emas.
Zilzila oqibatida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari orasida jarohatlangan yoki vafot etganlar yo‘q.
Bosh konsulxona Kamchatka o‘lkasi va Saxalin viloyati hududida vaqtincha bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini favqulodda vaziyatlar xizmatlari ko‘rsatmalariga rioya qilishga va hotirjamlikni saqlashga chaqiradi.
Zarur hollarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasi Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari murojaat etishlari mumkin:
- +7(423) 260-48-00;
- +7(902) 078-70-07.
Live
Barchasi