Turkiyada kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Jarohatlanganlar bor (video)
Olam
−
28 Oktabr 13004 2 daqiqa
Kecha, 27 oktyabr kuni Turkiyaning g‘arbida 6,1 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi (AFAD) xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yer tebranishining magnitudasi 6,1 ni tashkil etgan, epitsentri Balikesir viloyati yaqinida joylashgan. Zilzila markazi 5,9 kilometr chuqurlikda bo‘lgan.
Zilzilalar Istanbulning g‘arbida ham kamida 30 soniya davomida sezilgan. Uylardagi chiroqlar, deraza va romlar silkingani yaqqol sezilgan.
Shuningdek, smartfonlarda o‘rnatilgan ilovalar yer silkinishidan bir necha soniya oldin ogohlantirgan.
Zilzila oqibatida halok bo‘lganlar haqida xabar berilmagan. Ammo rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Balikesirda uchta uy va bir do‘kon qulagan. Yer silkinishi oqibatida 22 kishi jarohatlangan, ularning 18 nafariga tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan. Zilziladan so‘ng Balikesirda 102 ta aftershok (zilziladan keyingi tebranishlar) qayd etilgan.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an X ijtimoiy tarmog‘ida tebranishlar qo‘shni viloyatlarda ham sezilganini ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, zararlangan hududlarda mutaxassislar allaqachon ish olib bormoqda.
“Bizning tegishli idoralarimiz, ayniqsa, AFAD, tergov va nazorat ishlarini e’tibor bilan davom ettirmoqda. Biz ham jarayonni diqqat bilan kuzatib boramiz”, degan davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Turkiyaning shimoli-g‘arbida 6,1 magnitudali zilzila sodir bo‘lgandi. Zilzila Balikesir viloyatining Sindirgi tumanida qayd etilgan. Zilzila epimarkazi 11 km chuqurlikda joylashgan.
Live
Barchasi