“Kamp Nou” qurilishida 79 nafar noqonuniy ishchi aniqlandi
Sport
−
28 noyabr 1135 2 daqiqa
Kataloniya Mehnat inspeksiyasi “Barselona” jamoasining uy stadioni “Kamp Nou” rekonstruksiya loyihasida 79 nafar noqonuniy ishchini aniqladi. Shu sababli, quruvchi Extreme Works kompaniyasiga 1 million yevro jarima qo‘llanildi. Bu haqda Cadena SER nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, tekshiruv joriy yilning sentyabr oyida CCOO kasaba uyushmasining murojaatidan so‘ng boshlangan. Uyushma Extreme Works kompaniyasini Turkiyadan hujjatsiz ishchilarni olib kelib ishlatganlikda, ularga to‘liq maosh to‘lamaganlikda va norozilik bildirgan xodimlarni ishdan bo‘shatganlikda ayblagan. Mehnat inspektorlari ayrim ishchilar bir necha oy davomida yashash va ish ruxsatisiz mehnat qilganini aniqladi.
“Barcyelona” klubi voqea yuzasidan bayonot berib, o‘z ob’ektlarida ishlayotgan barcha shaxslarning mehnat huquqlari va qadr-qimmatini hurmat qilish klubning qat’iy talabi ekanini bildirdi. Klub tegishli organlardan barcha ma’lumotlarni so‘rab, holatni o‘rganayotganini qo‘shimcha qilgan.
Joriy yilning iyun oyida bir guruh turkiyalik ishchilar kompaniyaga murojaat qilgan. Ularni Yevropa Ittifoqidagi Vengriya va Litva davlatlaridan go‘yoki ruxsatnomalari bor tarzda yollashgan. Aslida esa ularga huquqiy maqom berilishi faqat va’da qilingan. Ishchilarning ko‘pchiligi ispancha yoki katalonchani bilmaydi, ingliz tilini ham bilmaydi. Ular hozirda bir oylik va yana 19 kunlik maoshni ololmagan.
CCOO ma’lumotiga ko‘ra, ishchilar rasmiy maoshi 2000–2500 yevro bo‘lishiga qaramay, ular bu pul miqdorini oyiga 340 soatgacha ishlash orqali topishgan. Bu belgilangan mehnat me’yoridan ikki baravar ko‘p hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, “Barselona” jamoasi ikki yildan ortiq tanaffusdan so‘ng joriy yilning 22 noyabr kuni La Liga doirasida “Atletik Bilbao”ga qarshi uchrashuvni o‘zining qayta qurilgan “Kamp Nou” stadionida o‘tkazgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UEFA “Barselona”ga Chempionlar ligasi doirasidagi “Ayntraxt Frankfurt” bilan o‘yinni “Kamp Nou”da o‘tkazish uchun ruxsat bergan edi.
Live
Barchasi