“Kel, ishla va ket”. Rossiyada migrantlar uchun yangi tizimga o‘tiladi  

Olam

image

Rossiya xorijlik ishchilarni jalb qilish bo‘yicha yondashuvini o‘zgartirib, qaytish migratsiyasi modeliga o‘tmoqda. Bu haqda Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov kecha, 17 sentyabr kuni Sochida bo‘lib o‘tgan Butunrossiya mehnatni muhofaza qilish va sog‘liqni saqlash haftaligining yalpi majlisida ma’lum qildi.

“Agar biz ishchi kuchi tanqisligi sharoitida rivojlansak, aniqki, sharoitdan kelib chiqib, biz migrantlarni jalb qilishimiz kerak bo‘ladi. Ha, albatta, kerak. Ammo biz hali boshlagan jarayonni yakunlashimiz kerak – migratsiyaga: kel, ishla va ket degan tamoyil bo‘yicha yondashamiz. Hammasi adolatli: odamlar boshqa mamlakatlardan keladi, pul topadi, maosh oladi va ketadi. Bu yerda bizga oilalar kerak emas va hech kim (maktablarda) dars berishga majbur emas. Shunday qilib, bu jarayon qurilmoqda, lekin menimcha, hech kim uzoq muddatli migratsiyaga jiddiy tayanishga tayyor emas”,  dedi vazir.

Vazir, shuningdek, hozir asosiy vazifa mahalliy aholining mehnat unumdorligini oshirish ekanini ma’lum qildi. Maksim Reshetnikov buning uchun maxsus loyiha ishlab chiqilganini eslatib o‘tdi, u iqtisodiyotning imkoniyatlarini ham hisobga oladi.

Ma’lumot uchun, Rossiya hukumati muhojirlarning mamlakatda qolish qoidalarini muntazam ravishda kuchaytirib boryapti. Shu bilan birga, alohida hududlar ham o‘z cheklovlarini joriy qilmoqda. 

Masalan, 1 sentyabrdan boshlab Moskva va Moskva viloyatida “Amina” mobil ilovasi yordamida xorij fuqarolarining joylashuvini kuzatish bo‘yicha tajriba dasturi amalga oshirilmoqda. Endilikda vizasiz mamlakatlardan kelgan migrantlar telefonlariga “Amina”ni o‘rnatishlari shart. Bu ularning yashash joyi haqidagi dolzarb ma’lumotlarni yozib olishni va ularning geolokatsiyasiga kirishni ta’minlashni talab qiladi. Ushbu talabni bajarmaganlar ro‘yxatdan o‘chirish va nazorat ostidagi shaxslar reyestriga kiritilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya migrant migratsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing