“Kerak bo‘lsa qabri ochilsin”. Qashqadaryodagi poliklinikada 9 yoshli qiz vafot etdi
3-sahifa
−
04 fevral 13556 3 daqiqa
QALAMPIR.UZ’ga 2025 yil 30 avgust kuni Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumani Qamashi qishlog‘ida joylashgan 8-sonli poliklinikada shifokorlar tomonidan 2016 yilda tug‘ilgan Bibioy Ziyodullayeva noto‘g‘ri ravishda antibiotik osma ukol qilinishi oqibatida vafot etgani aytilgan murojaat kelib tushdi.
Marhumaning otasi Zohidjon Barotovning tahririyatga qilgan murojaatga ko‘ra, ushbu tibbiy muolajalar oqibatida qizning ahvoli og‘irlashib, organizmda kuchli allergik reaksiya yuzaga kelgan, isitmasi keskin ko‘tarilgani oqibatda vafot etgan.
“Ushbu fojiadan so‘ng Ichki ishlar organlari va prokuraturaga bir necha bor murojaat qildim. Ammo, afsuski, holat xolisona o‘rganilmadi, aybdor shifokorlar javobgarlikka tortilmadi”, deydi murojaatchi.
Ekspertiza xulosalarida esa jiddiy ziddiyatlar mavjud: birinchi xulosada o‘lim sababi oshqozon bilan bog‘liq deb ko‘rsatilgan, ikkinchi xulosada yurak xastaligi (yurak porogi) qayd etilgan, uchinchi xulosada esa jigar sirrozi degan tashxis yozib berilgan.
“Aslida esa qizimga qilingan antibiotik osma ukol organizmda og‘ir reaksiya chaqirib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan, deb hisoblayman. Bu tibbiy xatolik va bee’tiborlik oqibatida sodir bo‘lgan fojia”, deydi Baratov.
QALAMPIR.UZ sudga oid tibbiyot ekspertizasi bilan tanishdi. Sud tibbiyot ekspertizasining 2025 yil 30 avgustdagi 12-sonli murda xulosasida marhuma B.Ziyodullayeva hayotiylik davrida O‘RVI, “ikki tomonlama bronxopnevmoniya, sepsis, septisemiya shaklida, seroz-leykotsitli meningoensefalit, oraliq miokardit, gepatit, pankreatit” xilidagi patologiyalar bilan og‘rib kelgani qayd etilgan bo‘lib, uning o‘limi shu kasalliklarning asoratlanib kechishi jarayonida rivojlangan o‘tkir yurak qon-tomirlar hamda poliorganlari yetishmovchiligidan 30 avgust soat 12:00 larda shifoxonada ro‘y bergani qayd etilgan.
Ammo marhumaning otasi ushbu xulosalarni keskin rad etib, qizi sog‘lom bo‘lgani, faqat o‘sha kuni banan yeb, ortidan suv ichgani uchun qorni og‘rib poliklinikaga borishgani, bungacha qizining sog‘lig‘ida hech qanday muammo bo‘lmaganini aytmoqda. Ushbu voqealar fonida Zohidjon Barotov aybdorlar o‘z jazosini olishi uchun qizining qabrini ochishga ham roziligini bildirdi.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning QALAMPIR.UZ’ga ma’lumot berishicha, mazkur holat yuzasidan Kasbi tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, natijasiga ko‘ra 30 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (Reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.
Biroq QALAMPIR.UZ holatni o‘rganishni boshlagandan so‘ng mazkur qaror va to‘plangan hujjatlar nazorat tartibida o‘rganilib, joriy yilning 2 fevral kunida jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi qaror bekor qilingan va tergovga qadar qo‘shimcha tekshiruv harakatlari tashkillashtirilgan.
QALAMPIR.UZ marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildiradi.
Live
Barchasi