Keskinlik yanada oshdi. Eron Isroilga javob zarbasini yo‘lladi

Olam

image

Bugun, 13 iyun kuni Isroil tomonidan Eronga qarshi amalga oshirilgan keng ko‘lamli hujumlardan so‘ng, Eron Isroilga qarshi o‘z javob zarbalarini yo‘lladi. Bu haqda Isroil Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Eron harbiy kuchlari tomonidan Isroil hududiga qarata 100 dan ortiq dron va ballistik raketalar uchirilgan. Isroil Mudofaa kuchlari ushbu zarbalarni tasdiqlagan va havo mudofaa tizimlari zudlik bilan ishga tushirilgan. SAXAL rasmiy bayonotida aytilishicha, Isroil havo mudofaasi katta miqdordagi hujumchi dron va raketalarni tutib qolishga muvaffaq bo‘lgan.

“Bir necha daqiqa avval Eron hududidan Isroil hududiga raketalar uchirilgani aniqlangan. Mudofaa tizimlari tahdidlarni bartaraf etish uchun faoliyat yuritmoqda”, deyiladi Isroil tomonining bayonotida.

Dronlar va raketalar Eronning janubidagi Fors viloyatidan uchirilgani qayd etilgan. Eron harbiylari bu hujum orqali Isroilning yadroviy inshootlari va harbiy rahbariyatga qaratilgan zarbalarga javoban kuch namoyish qilganini ma’lum qilgan.

Isroil esa o‘z aholisidan zarba berilgan joylarning manzili va tasvirlarini nashr etmaslik va tarqatmaslik zarurligini so‘ragan.

“Dushman bu tasvirlarni kuzatib, o‘z zarba berish imkoniyatlarini yaxshilashga harakat qiladi. Mas’uliyatli bo‘ling – joylashuvlarni internetda tarqatmang!” deyiladi Isroil bayonotida.

Hozircha Isroil tomoni bu hujum oqibatida zarar va talafotlar haqida rasmiy ma’lumot bermagan. Biroq harbiy tahlilchilar vaziyatni nihoyatda xavfli deb baholamoqda. Mojaroning yanada kengayish xavfi mavjud bo‘lib, butun Yaqin Sharq mintaqasida barqarorlik jiddiy tahdid ostida qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Eronning “yadroviy dasturiga qarshi” zarba berganini e’lon qilgan edi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning aytishicha, operatsiyaning maqsadi “Eron yadroviy infratuzilmasiga, ballistik raketa ishlab chiqaruvchi zavodlariga va harbiy salohiyatiga zarar yetkazish” bo‘lgan.

Hujum oqibatida Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni general-mayor Husayn Salamiy halok bo‘ldi. IRNA va “Tasnim” axborot agentliklari xabariga ko‘ra, shuningdek, Eron Atom energiyasi tashkilotining sobiq rahbari Fereydun Abbosiy va Islomiy Ozod universiteti prezidenti Muhammad Mehdi Tehronchiy ham vafot etgan.

Eronning davlat IRIB telekanali ham Natanzdagi yadroviy dastur uchun muhim bo‘lgan ob’ektlarda bir nechta portlashlar sodir bo‘lganini xabar qildi.

Eron hukumati esa Isroil tomonidan o‘z hududiga uyushtirilgan, tinch aholi, jumladan, olimlar va harbiylar halok bo‘lgan zarbalariga qattiq javob berishini ma’lum qildi.

O‘zbekistonning Eron va Isroildagi elchixonalari ushbu mamlakatlardagi fuqarolarga ogohlantirish bilan chiqib, qat’iy ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirdi. 

Shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham fuqarolarga tegishli murojaat bilan chiqdi.

Oradan biroz vaqt o‘tib esa, Isroil Eronga qarshi navbatdagi hujumlarini ham boshladi. U Eron shimoli-g‘arbiga yangi va keng ko‘lamli zarbalar berdi. Ushbu hujumlar dronlar yordamida amalga oshirilgan. Tabriz aeroporti yaqinidagi temiryo‘l inshootlariga zarar yetgan, bu hududda havo mudofaa bazalari joylashgan


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing