Keyingi 25 yil ichida saratondan o‘lim qariyb 75 foizga oshadi – tadqiqot

Salomatlik

image

Tibbiyot sohasidagi yutuqlar va xavf omillarini kamaytirishga qaratilgan sa’y harakatlarga qaramay, butun dunyo bo‘ylab saraton kasalligidan o‘lim soni keyingi 25 yil ichida qariyb 75 foizga oshadi. Bu haqda “The Lanset” jurnalida e’lon qilingan hisobotda so‘z boradi.

Nashrga ko‘ra, 2050 yilda taxminan 18,6 million kishi saraton kasalligidan o‘lishi kutilmoqda. Bu vaqt ichida ushbu kasallikning yangi holatlari soni 60 foizdan oshib, 30,5 millionga etadi. Ushbu jarayondan eng ko‘p kam daromadli mamlakatlar zarar ko‘rishi aytilmoqda.

Tadqiqotda keltirilishicha, aholining o‘sishi va qarishi bu ko‘rsatkichning sezilarli darajada oshishiga olib keladi. Hozirgi vaqtda saraton kasalligidan o‘lim holatlarining 40 foizdan ortig‘i chekish, noto‘g‘ri ovqatlanish va qand miqdorining yuqoriligi kabi 44 ta “o‘zgartirilishi mumkin bo‘lgan” xavf omillari bilan bog‘liq. Xususan, 2023 yilda erkaklar o‘rtasida saraton kasalligidan o‘limning 46 foizga yetishida mazkur turdagi omillar bilan birga, asosan, tamaki, parhez, spirtli ichimliklar, kasbiy xavf-xatarlar va havo ifloslanishi muhim rol o‘ynagan.

Xuddi shunday, ayollar orasida o‘limning 36 foizi o‘zgartirilishi mumkin bo‘lgan xavflar bilan bog‘liq bo‘lgan. Asosiy omillar – tamaki, xavfli jinsiy aloqa, ovqatlanish, semirib ketish va yuqori qon bosimi. 

“Mamlakatlar saratonning oldini olish va hayotni saqlab qolish mumkin bo‘lgan ushbu xavf omillarini bartaraf etish uchun katta imkoniyatlarga ega”, deydi tadqiqot mualliflaridan biri va AQSHda joylashgan Sog‘liqni saqlash o‘lchovlari va baholash instituti (IHME) tadqiqotchisi, doktor Teo Vos. 

Hisobotda 204 mamlakat va hududdagi saratonning 47 turi ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, tadqiqotchilar 1990 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan o‘lim holatlarini kuzatib borgan va bu ko‘rsatkichlarni 2050 yilgacha bo‘lgan muddat uchun prognoz qilgan.

Unga ko‘ra, 2023 yilda dunyo bo‘ylab 18,5 million yangi saraton kasalligi va 10,4 million o‘lim kuzatilgan. Bu 1990 yildagidan sezilarli darajada ko‘p. 

Tahlillarga ko‘ra, past daromadli mamlakatlar kelgusi yillarda o‘sib borayotgan saraton yukidan eng ko‘p zarar ko‘rishi kutilmoqda. Bu 2050 yilga borib yangi saraton holatlarining yarmidan ko‘pi va o‘limning uchdan ikki qismini tashkil qiladi.

Nepal Sog‘liqni saqlash tadqiqot kengashi a’zosi, shuningdek, tadqiqot ustida ishlagan Meghnath Dhimal bu mamlakatlarda o‘sib borayotgan saraton yukini “yaqinlab kelayotgan falokat” deb atagan.

Tadqiqotchilar, ayniqsa, kam daromadli mamlakatlarda saraton kasalligini tezroq va aniqroq tashxislash, sifatli davolash va qo‘llab-quvvatlovchi yordamdan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga chaqirmoqda.

“Mamlakatlarda rivojlanishning barcha bosqichlarida saraton kasalligini nazorat qilish uchun iqtisodiy jihatdan samarali choralar mavjud”, deydi Dhimal.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniyadagi Uorik universiteti olimlari olmos asosidagi yangi datchik yordamida saraton metastazlarini aniqlash usulini ishlab chiqqandi. Hozirgi usullarda radioaktiv markerlar yoki ko‘k bo‘yoqlar qo‘llaniladi. Ammo radiofarmatsevtik moddalar hamma klinikalarda mavjud emas, bo‘yoq esa bemorlarning qariyb 1 foizida allergik reaksiyaga sabab bo‘ladi.

Mohichehra Qadamova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

saraton Tibbiyot tadqiqot IHME Meghnath Dhimal

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing