Xavfli jinoyatchi 4-marta qamoqxonadan qochib ketdi

Olam

image

Joriy yilning 7 dekabr kuni jinoyatchilar orasida “qochish ustasi” sifatida tanilgan shaxs Yevropadagi qamoqxonadan to‘rtinchi bor muvaffaqiyatli qochdi. Bu haqda “The Times” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, o‘g‘rilik va boshqa jinoyatlar uchun 2048 yilning oktyabrigacha ozodlikdan mahrum qilingan 41 yoshli Albaniya fuqarosi Taulant Toma Milan shahridagi qattiq tartibli “Opera” qamoqxonasidan qochib ketgan. U kameradagi panjaralarni kesib, bir-biriga bog‘langan choyshablar orqali derazadan pastga tushgan, so‘ngra olti metr balandlikdagi devordan oshib, g‘oyib bo‘lgan. 

Italiya hukumati keng ko‘lamli qidiruv ishlarini boshlagan. Xususan, patrul va chegaralarda nazorat kuchaytirilgan. Tergovchilar mahbus tashqaridan yordam olgan-olmaganini aniqlash uchun kuzatuv kameralaridagi yozuvlarni ko‘rib chiqmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, u birinchi bor 2009 yilda Terni shahridagi qamoqdan qochgan. Eng mashhur hodisa esa 2013 yilda sodir bo‘lgan. O‘sha paytda u Parma qamoqxonasini hamroh mahbus bilan birga tark etgan. Italiya politsiyasi uni 40 kun qidirgan, keyin u Belgiyada qo‘lga olingan, biroq Toma ekstraditsiyani kutmasdan yana qamoqdan qochib ketgan.

Mahalliy nashrlarning yozishicha, hozirda “Opera” qamoqxonasi haddan tashqari to‘lib ketgan. U yerda zarur bo‘lgan 811 xodim o‘rniga atigi 533 kishi ishlaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Nyu-Orlean shahridagi qamoqxonadan 11 nafar mahbus qochib ketgandi. Orlean adliya markazidan qochgan erkaklarning to‘rt nafari qotillikda ayblangan. Xususan, 2018 yilning kuzida shahar festivalida ikki kishini o‘ldirgan va ikki kishini yaralagan Derrik Groves qamoqdan qochib ketgan.


Maqola muallifi

Teglar

qamoqxona Milan jinoyatchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing