Venesuela qamoqxonalaridan 400 dan ortiq mahbus ozod qilindi
Olam
−
14 yanvar 1720 2 daqiqa
Venesuela qamoqxonalarida Nikolas Maduro siyosati doirasida hibsga olingan 400 dan ortiq mahbus ozod qilindi. Bu haqda mamlakat Milliy Assambleyasi prezidenti Xorxe Rodriges kecha, 13 yanvar kuni ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hozirda Venesuelada taxminan 800 nafar siyosiy mahbus bor. Ularning aksariyati 2024 yilda prezident Nikolas Maduroning qayta saylanishiga qarshi o‘tkazilgan norozilik namoyishlari chog‘ida hibsga olingan. Venesuelalik inson huquqlari faoli Marta Tineoning aytishicha, mahbuslar Maduro rejimi muxoliflariga nisbatan shafqatsiz munosabatlar va qiynoqlar bilan tanilgan El Helicoide qamoqxonasidan ozod qilinmoqda.
Avvalroq, 8 yanvar kuni Venesuela hukumati taniqli muxolifat arboblarini ham o‘z ichiga olgan “ko‘p sonli” mahalliy va xorijiy mahbuslar ozod qilinganini e’lon qilgan edi. Biroq mahalliy inson huquqlari bo‘yicha nodavlat tashkilotlar 8 yanvardan buyon mamlakatda atigi 60–70 nafar mahbus ozod etilganini bildirgan va rasmiylarni jarayonni sun’iy ravishda cho‘zishda ayblagan.
Ko‘plab e’tirozlardan so‘ng, 12 yanvardan boshlab mahbuslarni ozod qilish jarayoni tezlashtirildi. Milliy Assambleya prezidenti parlament majlisidagi chiqishida: “Siyosiy mahbuslar emas, balki qonun va Konstitutsiyani buzgan, zo‘ravonlikka da’vat qilgan ayrim shaxslarni ozod qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, dedi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror “tinch-totuv yashashni targ‘ib qilish” maqsadida qabul qilingan. Bir kun avval Venesuela rasmiylari 116 nafar shaxs ozod qilinganini ham e’lon qilgan edi.
Venesuela hukumati siyosiy sabablarga ko‘ra odamlarni hibsga olganini doimiy ravishda rad etib keladi. Rasmiylarga ko‘ra, 2024 yilgi bahsli saylovlardan keyingi norozilik namoyishlari ortidan hibsga olingan 2 ming nafar kishining aksariyati allaqachon ozod qilingan.
Boshqa manbalarga ko‘ra, 13 yanvar kuni Venesuela o‘z dasturi doirasida kamida bir nafar AQSH fuqarosini ham ozod qilgan. Uning shaxsi xavfsizlik nuqtai nazaridan oshkor etilmadi. Avvalroq Ispaniya Tashqi ishlar vazirligi ozod qilinganlar orasida besh nafar Ispaniya fuqarosi borligini ma’lum qilgan edi.
Shuningdek, Venesueladagi so‘nggi prezidentlik saylovlarida Nikolas Maduroni amalda mag‘lub etgan muxolifat siyosatchisi Edmundo Gonsales Urrutiyaning kuyovi Rafael Tudares ham yaqin vaqt ichida ozod etilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH bir kunda Venesuela neftidan 4 mlrd dollar daromad olgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi