Xavi Messining nima sabab “Barselona”ga qaytolmaganini ochiqladi
Sport
−
09 mart 1322 1 daqiqa
“Barselona”ning sobiq bosh murabbiyi Xavi Ernandes Lionel Messining klubga qaytishi amalga oshmay qolganining sabablarini ochiqladi. Bu haqda Xavi “La Vanguardia” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Ispaniyalik mutaxassisning aytishicha, Messi 2022 yilgi jahon chempionatidan keyin “Barselona”ga qaytishga juda yaqin bo‘lgan.
“Messining 2022 yilgi Jahon chempionatidan keyin “Barsa”ga qaytishi deyarli hal bo‘lgan edi. Leo qaytishni xohlardi, bizda La Ligadan ham ruxsat bor edi. Ammo Joan Laporta transferni to‘xtatdi. U menga agar Messi qaytsa, maoshlar bo‘yicha katta muammolar boshlanishini va klub bunga tayyor emasligini aytdi”, deydi Xavi.
Uning ta’kidlashicha, Messining “Barselona”ga qaytmasligi haqidagi turli mish-mishlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
“Messi “Barselona”ga shunchaki Laporta uni xohlamagani uchun qaytmadi. Bu na La Liga talablari, na Leoning otasi ko‘proq pul so‘ragani bilan bog‘liq. Bularning barchasi yolg‘on. Aslida klub bunga tayyor emasligini aytgan shaxs Laporta”, deya qo‘shimcha qildi Xavi.
Ma’lumot uchun, o‘sha transfer oynasida “Barselona”ga qaytolmagan Messi “Inter Mayami” safiga borib qo‘shilgan edi.
Live
Barchasi