XDP endi rasman muxolifat: Hukumat faoliyatining ayrim yo‘nalishlariga qo‘shilmaymiz!

Jamiyat

image

Qonunchilik palatasining bugun, 13 may kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining o‘zini parlamentdagi muxolifat, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov fraksiyaning bu haqdagi rasmiy bayonotini e’lon qildi.

Dastlab, Xalq demokratik partiyasining so‘l qanot partiya sifatidagi faoliyati davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning hayotiy ehtiyojlari bilan bog‘liq masalalarni hal etish, ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish, aholini kafolatli daromad manbai bilan ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rishda faol qatnashib kelayotganligi qayd etildi.

Shuningdek,  parlamentda yaqinda tashkil etilgan “Taraqqiyot bloki”ga nisbatan nuqtai nazarini bildirib, fraksiya mazkur blokning tuzilishiga e’tiroz bildirmasligini, lekin uning ustuvor vazifalari, shuningdek, hukumat dasturi va faoliyatining ayrim yo‘nalishlariga qo‘shila olmasligini ma’lum qildi.

Xususan, iqtisodiyotda davlat nazoratining kamligi, strategik ahamiyatga ega davlat mulklarini xususiylashtirish qonun darajasida taqiqlanmaganligi, raqobatbardosh va bozor mexanizmlari orqali boshqariladigan pensiya tizimiga o‘tish, kommunal to‘lovlar masalasida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlashning istiqbolga mo‘ljallangan aniq strategiyasi ishlab chiqilmaganligi, ulushdorlik asosida uy-joy qurish bo‘yicha fuqarolar ulushlarini himoya qilish va kafolatlash tizimining yo‘qligi, aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq tizimi joriy etilmaganligi, farmatsevtika sohasida davlat nazorati sustligi kabi bir qator masalalar partiya elektorati manfaatlariga zid ekanligi ta’kidlandi.

“Partiyamiz elektorati ovozini parlament va hukumatga yetkazish, ularning manfaatlarini samarali himoya qilish, mamlakatda kuchli ijtimoiy siyosat yuritishni davom ettirish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi o‘zini parlamentdagi muxolifat fraksiyasi, deb e’lon qiladi”, dedi fraksiya rahbari Ulug‘bek Inoyatov.

Fraksiya rahbarining ta’kidlashicha, bugun yalpi majlisda qabul qilingan parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonun o‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilgan siyosiy partiya fraksiyasi uchun kengaytirilayotgan huquq va imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanishni kafolatlaydi.

Rasmiy bayonotda keltirilishicha, parlamentdagi muxolifat fraksiya bundan buyon qonun loyihalari va parlament muhokamasidagi dolzarb masalalar bo‘yicha qat’iy siyosiy pozitsiya bildirib borish, hukumat va parlamentdagi ko‘pchilikning taklif hamda tashabbuslarini tanqidiy ko‘rib borish, hukumat va parlamentdagi ko‘pchilik tomonidan parlamentga kiritilgan qonun loyihalari bo‘yicha zarur deb ko‘rilgan holda muqobil qonun loyihalarini ishlab chiqish va kiritib borish, parlament nazorati vositalaridan samarali foydalanish kabi muhim vazifalarni amalga oshiradi.

Ma’lumot uchun, muxolifat mavzusi qonunchilik uchun ham, amaliyot uchun ham yangilik emas.

Turli yillarda turli partiyalar o‘zini muxolifat deb e’lon qilganligining guvohi bo‘lish mumkin. Xususan, 2010 yilda Xalq demokratik partiyasi, 2015 yilda Xalq demokratik partiyasi va “Adolat” SDP fraksiyalari o‘zini parlament muxolifati sifatida e’lon qilgan.

U yoki bu siyosiy partiyalar fraksiyalarining parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilinishini parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etgan siyosiy partiyalarning “ko‘pchilik” birlashuviga nisbatan pozitsiyasi sifatida baholash mumkin.

Bugun yalpi majlisda qabul qilingan va Senatga yuborilgan parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonun quyi palata faoliyatida fikrlar xilma-xilligini ta’minlashga, parlament nazorati tadbirlari samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Muxolifat huquqlarining kengayishi esa parlament faoliyatiga yangi mazmun olib kirish bilan birga, demokratiyaning kuchayishiga, qonun ijodkorligi jarayonida bahs-munozaralar orqali adolatli qonun va qarorlar qabul qilinishiga yanada ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

yalpi majlis XDP parlament rasmiy bayonot muxolifat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing