Belgraddagi parlament binosi oldida portlash sodir bo‘ldi (video)

Olam

image

Bugun, 22 oktyabr kuni Belgraddagi Serbiya parlamenti binosi oldida noma’lum shaxs otishma uyushtirdi. Bu haqda “Blic” nashri xabar berdi.

Nashrning yozishicha, hodisa muxolifat namoyishchilari tomonidan tashkil etilgan chodirli lager qarshisida sodir bo‘lgan. Otishma oqibatida bir kishi jarohat olgan va yong‘in chiqqan. Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich voqeani terrorchilik hujumi deb atagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda chodirdan bir erkak chiqib kelayotgani, u jarohati sabab bir oyog‘ida sakrab yurgani ko‘rinadi. Tez orada politsiya hodisa joyiga yetib borgan. Bir necha soniyalardan so‘ng chodirlar yonib ketgan.

“Telegraf” nashriga ko‘ra, o‘t ochgan erkak gazballoniga o‘q uzgan va oqibatda portlash ham yuz bergan. Politsiya hujumchini qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lgan.

“Otishma sodir bo‘lgan paytda parlament binosida shahar atrofidagi uylarni taqsimlash bo‘yicha shartnomalarni imzolash marosimi o‘tayotgan, unda Serbiya Prezidenti ham ishtirok etayotgan edi”, deyiladi xabarda.

Vuchich majlisni tark etishga majbur bo‘lib, voqea yuzasidan bayonot bergan.

“Men bu ajoyib yig‘ilishni tark etishga majbur bo‘layotganim uchun birinchi bo‘lib uzr so‘rashim kerak. Chunki Serbiya Respublikasining Xalq majlisi qarshisida terrorchilik hujumi sodir bo‘ldi”, deydi Prezident.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Quddus shahri shimolidagi Ramot chorrahasida ikki qurolli shaxs avtobus bekatiga o‘t ochgan edi. Xavfsizlik xodimi va bir fuqaro qarshi o‘t ochib, hujumchilarni “zararsizlantirgan”. Oqibatida besh kishi halok bo‘lgan, shuningdek, teraktni uyushtirgan ikki kishi o‘ldirilgandi.  


Maqola muallifi

Teglar

parlament Serbiya Belgrad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing