Xitoy dunyodagi “eng odamsimon” robotni namoyish qildi (video)
Texnologiya
−
05 noyabr 11882 2 daqiqa
Bugun, 5 noyabr kuni Xitoyning XPeng elektromobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasi XPeng Tech Day tadbirida IRON nomli yangi avlod robotini taqdim etdi. Bu haqda “TechNode” nashri xabar berdi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bu “dunyodagi eng odamsimon robot” hisoblanadi. IRON robotiga suyak, mushak va terini taqlid qiluvchi bionik struktura o‘rnatilgan. U egiluvchan orqa suyak, sun’iy mushaklar, butun tanasida yumshoq teri va mohir qo‘llarida 22 daraja erkinlikka ega. IRON boshqaruvi uchta Turing sun’iy intellekt chipida ishlaydigan fizik asosli model orqali amalga oshiriladi, bu esa ilg‘or ko‘rish, til va harakat imkoniyatlarini murakkab sun’iy intellekt arxitekturasi doirasida muloqot, o‘zaro ta’sir va harakat uchun birlashtiradi.
Qayd etilishicha, IRON sanoatda to‘liq qattiq batareya ishlatadigan birinchi gumanoid robot bo‘lib, xavfsizlikni oshirish maqsadida u ichki muhitda avtomatik favqulodda tormozlash funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, kompaniya foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari robotdan hech qachon chiqmasligini kafolatlaydigan “To‘rtinchi qonun”ni joriy qilgan.
XPeng rejasiga ko‘ra, avval IRON biznes muhitida joriy qilinadi, ommaviy ishlab chiqarish esa 2026 yil oxiriga mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning Noetix Robotics startapi inson shaklidagi robot “Bumi”ni taqdim etgandi. Uning narxi deyarli iPhone 17’ning narxiga teng. Kompaniya o‘zining odamsimon roboti – “Bumi”ning narxini 1370 dollarga baholagan.
Live
Barchasi