Xitoy dunyodagi ilk bambukdan yasalgan dronni ishlab chiqdi
Bu qiziq
−
07 mart 3538 1 daqiqa
Xitoyda bambuk kompozitlaridan tayyorlangan dunyodagi ilk uchuvchisiz uchish apparati (dron) ishlab chiqildi. Bu haqda “South China Morning Post” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha Xalqaro bambuk va rotang markazi tomonidan Beihang University Ningbo texnologiya instituti va Long Bamboo Technology Group kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Qurilmaning ilk sinov parvozi Tyanszinda bo‘lib o‘tgan.
Qayd etilishicha, dron konstruksiyasining 25 foizdan ortig‘i bambuk asosidagi kompozitlardan tayyorlangan. Apparat aylanuvchi vintlar bilan jihozlangan bo‘lib, vertikal ravishda havoga ko‘tarilish va qo‘nish imkoniyatiga ega. Uning qanotlari kengligi 2,5 metrdan oshadi, vazni taxminan 7 kilogrammni tashkil qiladi, kreyser tezligi esa soatiga 100 kilometrdan yuqori. Parvoz davomiyligi 1 soatdan ortiq.
Ishlab chiquvchilarning so‘zlariga ko‘ra, bunday dronni yaratish materialga shakl berish, konstruksiya mustahkamligi va tashqi muhitga chidamlilik bilan bog‘liq masalalarni hal qilishni talab etgan.
Bambuk kompozitlarining asosiy afzalliklaridan biri ularning arzonligidir. Ular uglerod tolasidan (carbon fiber) taxminan to‘rt baravar arzon bo‘lib, bu konstruksiya tannarxini 20 foizdan ko‘proqqa kamaytirish imkonini beradi. Shu bilan birga, apparat ugleplastikdan tayyorlangan muqobillariga qaraganda taxminan 20 foizga yengilroq bo‘lib chiqdi.
Live
Barchasi