Xitoy Markaziy Osiyoga qaytarish shartisiz 210 mln dollar beradi

Olam

image

Xitoy Markaziy Osiyo mamlakatlariga 1,5 milliard yuanga teng (taxminan 210 million dollar) miqdorida grant ajratadi. Bu haqda kecha, 17 iyun kuni mamlakat rahbari Si Szinpin Qozog‘istonda o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammitida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu mablag‘ ijtimoiy va infratuzilma loyihalariga yo‘naltiriladi. Maqsad – mintaqaning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va Pekin bilan hamkorlikni chuqurlashtirish.

Xususan, mazkur mablag‘lar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonda odamlarning hayot sharoitlarini yaxshilash hamda rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarga yo‘naltiriladi.

“Biz shu yili besh mamlakatda aholining farovonligini oshirish va ularning mustaqil rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratilgan muhim loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 1,5 milliard yuanga teng beg‘araz grant ajratishga tayyormiz”, deydi Si Szinpin.

Shuningdek, Xitoy keyingi ikki yil uchun 3000 ta ta’lim kvotasi ajratadi. Mintaqa fuqarolari turli sohalar bo‘yicha bepul kurslarda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu malakali kadrlarni tayyorlash va ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati doirasidagi birinchi sammit 2023 yil may oyida Xitoyning Sian shahrida bo‘lib o‘tgan. O‘sha paytda ham Xitoy 26 milliard yuanga teng yordam va investitsiyalar ajratilishini, uning savdo aloqalarini yengillashtirish, investitsion bitimlarni yangilash va “Markaziy Osiyo – Xitoy” gaz quvurini qurish kabi maqsadlar uchun mo‘ljallanganini e’lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu sammit doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin muzokara o‘tkazgani xabar qilingandi. Muzokarada ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Si Tszin'pin Markaziy Osiyo – Xitoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing