Xitoy Rossiyadan elektr energiyasi xaridini to‘xtatdi
Olam
−
16 yanvar 3457 2 daqiqa
Xitoy 1 yanvardan boshlab Rossiyadan elektr energiyasi importini to‘liq to‘xtatgan va hatto shartnomada ko‘zda tutilgan minimal hajmni (taxminan 12 megavatt) ham sotib olishdan voz kechgan. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, “Kommersant’” xabar berdi.
Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, elektr energiyasini Xitoyga eksport qilish 2026 yilda qayta tiklanishi ehtimoldan yiroq. Yetkazib berishning to‘xtatilishiga asosiy sabab sifatida eksport narxining oshib ketgani ko‘rsatilmoqda – u Xitoy ichki elektr energiyasi narxidan yuqori bo‘lib, Pekin uchun bunday xarid iqtisodiy jihatdan samarasiz.
“Inter RAO” Xitoyga Uzoq Sharqdan ortiqcha elektr energiyasini eksport qilib kelgan. Xitoyning Davlat elektr tarmoqlari korporatsiyasi bilan shartnoma 2012 yilda tuzilgan bo‘lib, u 2037 yilgacha amal qiladi. Shartnoma doirasida butun davr mobaynida Xitoyga qariyb 100 milliard kilovatt/soat, ya’ni yiliga o‘rtacha to‘rt milliard kilovatt/soat elektr energiyasi yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
“Hozirda tomonlar elektr energiyasi savdosini amalga oshirish imkoniyatlarini faol o‘rganmoqda. Rossiya tomoni tashabbusi bilan eksport shartnomasini bekor qilish rejalashtirilmagan. Doimiy aloqada bo‘lib turgan Xitoy tomoni ham shartnomani bekor qilishga qiziqish bildirmayapti”, deydi “Inter RAO” vakili.
Kompaniya, shuningdek, Uzoq Sharq energetika tizimida elektr energiyasiga bo‘lgan talab tez sur’atlarda oshib borayotgani va generatsiya quvvatlari yetishmayotgani sababli eksport imkoniyatlari qisqarib, Xitoyga yetkazib berish cheklanganini qayd etgan.
“Kommersant’” ma’lumotlariga ko‘ra, 2012-2020 yillarda Xitoyga elektr energiyasi eksporti hajmi yiliga o‘rtacha uch milliard kilovatt-soatni tashkil etgan. 2021 yilda esa Xitoy shimoli-sharqiy hududlaridagi energiya tanqisligini qoplash uchun eksportni oshirishni so‘ragach, yetkazib berish 30 foizga ko‘paygan. Eng yuqori ko‘rsatkichga 2022 yilda erishilgan – 4,7 milliard kilovatt/soat. Dastlab shartnoma ortiqcha elektr energiyasini sotishga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, Uzoq Sharq energetika tizimidagi quvvatlar tanqisligi sabab 2023 yil avgustidan boshlab eksport kamayib borgan va 2025 yilda eng past darajaga tushgan.
Gazeta suhbatlashgan tahlilchilarning aytishicha, Rossiyadan Xitoyga yetkazib berilgan elektr energiyasi hajmi mamlakatning ichki ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari bilan solishtirganda juda kichik bo‘lgan, shu bois “energetik balans nuqtai nazaridan Xitoy bu hajmni muammosiz qoplay oladi”.
Live
Barchasi