Xitoyda gumanoid robot 106 km piyoda yurib Ginnesga kirdi (video)
Texnologiya
−
26 noyabr 1607 2 daqiqa
Xitoyda gumanoid robot 3 kunda 66 mil (106 km) piyoda yurib, Ginnes rekordlar kitobiga kirdi. Bu gumanoid mashina tomonidan bosib o‘tilgan eng uzun masofa sifatida qayd etildi. Bu haqda CBS News xabar berdi.
Qayd etilishicha, taxminan 1,68 metr bo‘yga ega bo‘lgan AgiBot A2 roboti 2025 yilning 10 noyabr kuni kechasi Sharqiy Xitoydagi Sujjo shahridan yo‘lga chiqib, avtomobil yo‘llari va shahar ko‘chalari orqali o‘tib, 13 noyabr kuni Shanxayning tarixiy Bund sohil hududiga yetib kelgan. Shanxayda joylashgan AgiBot kompaniyasi robotning ikki oyoqli yuruvchisi har xil yo‘l qoplamalarida harakat qilgani, barcha yo‘l harakati qoidalariga amal qilganini ma’lum qildi.
AgiBot tomonidan e’lon qilingan videolarda robotning kumush-qora rangli A2 modeli velosipedchilar va skuter haydovchilari yonidan o‘tib, yo‘l bo‘ylab asta yurayotgani, so‘ng Shanxay manzarasi bo‘ylab tezroq yurishni boshlagani aks etgan.
Dunyoning yirik texnologiya kompaniyalari fizik AI sohasiga katta miqdorda mablag‘ yo‘naltirmoqda. Morgan Stanley prognoziga ko‘ra, 2050 yilga borib dunyoda bir milliarddan ortiq gumanoid robot bo‘lishi mumkin.
Xitoy hukumati robototexnika sanoatida yetakchi bo‘lish maqsadida mahalliy kompaniyalarni gumanoid robotlar yaratishga faol rag‘batlantirmoqda.
Avgust oyida Pekinda ilk bor gumanoid robotlar o‘rtasida o‘tkazilgan o‘yinlar bo‘lib o‘tdi va unda 500 dan ortiq “sportchi” basketboldan tortib raqobatli tozalashgacha bo‘lgan yo‘nalishlarda bellashdi.
AgiBot kompaniyasi A2 modeli mijozlarga xizmat ko‘rsatish uchun ishlab chiqilganini, u suhbatlashish funksiyasi va lab harakatlarini o‘qish imkoniyatiga ega ekanini bildirgan.
Yil boshida CBS Mornings Massachusets texnologiya instituti (MIT) muhandislari bilan suhbatlashdi. Ular AQSHning robototexnika bo‘yicha global poygada ortda qolmaslik uchun qilinayotgan ishlar haqida gapirdi.
“Men AI va robotlarni insonlarga super kuch beruvchi vosita sifatida tasavvur qilaman. AI yordamida biz kognitiv super kuchlarga ega bo‘lamiz… Jismoniy tomondan esa mashinalar yordamida imkoniyatlarimizni kengaytiramiz, aniqligimizni oshirib, kuchимизни ko‘paytirishimiz mumkin”, dedi MITning Kompyuter fanlari va sun’iy intellekt laboratoriyasi rahbari professor Daniela Rus.
CBS Mornings Gartner tadqiqot kompaniyasi prognoziga ham to‘xtalib, 2030 yilga borib amerikaliklarning 80 foizi har kuni avtonom, sun’iy intellekt boshqaruvidagi robotlar bilan muayyan shaklda o‘zaro aloqada bo‘lishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyada robotlar ovqat pishiradigan oshxona ishga tushgandi.
Live
Barchasi