Xitoydagi toshqinlar oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
20:12 300 2 daqiqa
Xitoyda yuz bergan kuchli yomg‘irlar janubiy va markaziy Xitoy hududlarida keng ko‘lamli toshqinlar va ko‘chkilarga sabab bo‘ldi. Oqibatda kamida 10 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Xitoy meteorologiya boshqarmasi xabar qildi.
Xitoyning Toshqinlarga qarshi kurash va qurg‘oqchilik oqibatlarini bartaraf etish shtabi Xunan va Guansi hududlarida to‘rtinchi darajali favqulodda holat tartibini joriy qilgan. Shu bilan birga, xuddi shu tartib Xubey, Chunsin va Guychjou uchun ham saqlab qolingan. Kuchli yomg‘irlar ayniqsa Xubey viloyatida bir qator tarixiy ko‘rsatkichlarni yangilagan.
Davlat televideniyasining ma’lumotiga ko‘ra, Xubeydagi 337 ta shaharcha va qishloqda 48 soat ichida 100 millimetrdan ortiq yog‘ingarchilik kuzatilgan. Guansida 15 ta yo‘lovchisi bo‘lgan yuk tashuvchi mashina toshib ketgan daryoga tushib ketishi oqibatida 6 kishi halok bo‘lgan.
Xubeyda pastlikda joylashgan qishloqda yuz bergan tezkor toshqinlar oqibatida 3 kishi vafot etgan. Yana bir o‘lim holati janubiy Xunan viloyatida ham qayd etilgan. Xitoyning “Douyuyin” ijtimoiy tarmog‘ida tarqalgan videolarda Xubeyning Szinchjou shahri aholisi tizzasigacha chiqqan suv ichida turgani, ayrimlar esa suv bosgan ko‘chalarda suzib yurgan baliqlarni tutayotgani aks etgan. Bir nechta avtomobillar deyarli to‘liq suv ostida qolgan.
Mutasaddilar jabrlangan hududlarda maktablar, korxonalar va transport harakatini to‘xtatgan. Xitoy Milliy meteorologiya markazi ma’lumotiga ko‘ra, kuchli ob-havo sharq va janub tomon siljiydi. Eng kuchli yomg‘irlar 20 may kundan boshlab Yanszi daryosi ning o‘rta va quyi oqimi hududlarida kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida shaharning 8 ta tumanidagi 23 ta manzildan suv toshgan edi.
Live
Barchasi